Yevropa parlamentida Yangi O‘zbekiston ochiq, shaffof va demokratik yo‘ldan borayotgani e’tirof etildi

Yevropa parlamenti va Belgiya Senati tomonidan Bryussel shahrida tashkil qilingan “Genderga nisbatan sezuvchan parlamentlar” mavzusidagi seminarda O‘zbekiston parlamenti vakillari ham ishtirok etdi.

Unda Yevropa, Belgiya, Germaniya, Litva, Chexiya parlamenti a’zolari hamda Gender tenglik bo‘yicha Yevropa instituti direktori va Yevropa Ittifoqining “Inter Pares” loyihasi rahbari bilan bir qatorda O‘zbekiston Senatining Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi Orzigul Qozixonova hamda Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Qobil Tursunov ishtirok etdi. 

Tadbirda O‘zbekiston bugungi kunda gender tenglikni ta’minlashda yetarli tajribaga ega ekani, sohada qonunchilik mustahkamlanib, yanada takomillashgani, samarali mexanizmlar yaratilgani hamda bunda parlamentning faol ishtiroki e’tirof etildi.

Yevropa parlamenti vitse-prezidenti va gender tenglik bo‘yicha yuqori darajadagi guruh a’zosi Nikolay Stefanuta joriy yil 6-9 aprel kunlari O‘zbekistonga amalga oshirgan tashrifi chog‘ida mamlakatda olib borilayotgan islohotlarga guvoh bo‘lganini ta’kidladi. Yangi O‘zbekiston bugungi kunda ochiq, shaffof va demokratik yo‘lda borayotganini e’tirof etdi. 

Yevropa parlamenti Tashqi ishlar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Xana Jalloul O‘zbekistonda qonunchilik takomillashib borayotgani va mamlakat tajribasi boshqa davlatlarga foydali bo‘lishini qayd etib, yurtimizga tashrif buyurish niyatini bildirdi.

Seminarda Yevropa parlamenti faoliyati, mexanizmlari va dinamikasi bilan tanishildi, shuningdek, Yevropa Ittifoqi hamda O‘zbekistonda gender tenglik va xotin-qizlar huquqlarini ta’minlash sohasidagi o‘zgarishlar hamda tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olish masalalari muhokama qilindi. Qonun ijodkorligi va nazorat tadbirlari, jamoatchilik ishtiroki hamda gender audit bo‘yicha tajriba almashildi. Parlamentlararo hamkorlikni yanada rivojlantirish va qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi.

N.Abduraimova, O‘zA

Powered by GSpeech