YOSHLAR HUQUQLARI DOIMIY E'TIBOR MARKAZIDA

O'z xalqini qadrlagan, mamlakatdagi har bir inson huquqini himoya qila olgan davlatni dunyo hamjamiyati ham hurmat qiladi. Davlat xalqning xohish-irodasini amalda ifoda etib, inson manfaatlarini kafolatlovchi qonunlar asosida faoliyat olib borsagina, kuchli va qudratli bo'ladi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev rahnamoligida mamlakatimizda so'nggi yillarda qo'lga kiritmlayotgan muvaffaqiyatlar ushbu tarixiy haqiqatni yana bir bor tasdiqlamoqda.

Asrimizning dastlabki o'n yilida xalqaro hamjamiyat tomonidan mamlakatimiz inson huquqlarining ta'minlanishi bo'yicha eng ko'p tanqid ostiga olinib, bu davlatimiz taraqqiyotiga, uning xalqaro nufuziga, yurtimizga kirib kelayotgan xorijiy investitsiyalar oqimiga salbiy ta'sir ko'rsatgani sir emas. Bugungi kunda esa O'zbekiston inson huquqlarini ta'minlovchi eng nufuzli xalqaro tashkilot – BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashining a'zosi darajasiga erishdi.

O'zbekiston Prezidenti BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashining 46-sessiyasida so'zlagan nutqida ta'kidlaganidek, mamlakatimiz so'nggi yillarda ushbu nufuzli tashkilotga a'zo bo'lish uchun butun mas'uliyatni anglagan holda intilib keldi. Yangi O'zbekistonni bunyod etishga qaratilgan demokratik islohotlar ortga qaytmaydigan tus oldi.

Yana bir jihat: 150 dan ortiq mamlakat prezidentlari, hukumatlar va yirik xalqaro tashkilotlar rahbarlari ishtirok etgan BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashining 46-sessiyasida davlatimiz rahbari birinchi bo'lib so'zga chiqdi hamda o'zbek tilida nutq so'zladi. Bu O'zbekistonga bo'lgan yuksak hurmat va e'tibordan, davlatimizning jahon miqyosidagi o'rni yuksalib borayotganidan dalolat beradi.

Nutqda O'zbekistonda demokratik o'zgarishlarni yanada chuqurlashtirishning, shuningdek Kengash doirasidagi mamlakatimiz faoliyatining yettita ustuvor yo'nalishi sanab o'tildi.

Ustuvor yo'nalishlardan biri sifatida yoshlar huquqlarini himoya qilish masalalari to'g'risida to'xtalar ekan, davlatimiz rahbari quyidagi taklif va tashabbuslarni ilgari surdi:

Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida Yoshlar huquqlari bo'yicha butunjahon konferentsiyasini o'tkazish;

BMT Iqtisodiy va ijtimoiy kengashining o'ninchi forumida Yoshlar huquqlari to'g'risidagi konventsiya loyihasini taqdim etish;

Yoshlar huquqlari bo'yicha maxsus ma'ruzachi institutini ta'sis etish.

Qayd etish o'rinliki, so'nggi to'rt yilda mamlakatimiz jahon hamjamiyati e'tiborini yoshlar huquqlarini himoya qilish masalalariga faollik bilan qaratib kelmoqda. Jumladan, BMT Bosh Assambleyasining 72- va 75-sessiyalarida Yoshlar huquqlari to'g'risidagi xalqaro konventsiyani qabul qilish bo'yicha tashabbus ilgari surildi.

Shuningdek, 2019 yilning 7-8 oktyabr` kunlari Toshkent shahrida Islom hamkorlik tashkiloti Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasining “Tinchliksevar, demokratik jamiyatlar barpo etish va barqaror rivojlanish yo'lida yoshlar huquqlarini rag'batlantirish va himoya qilishning ahamiyati” mavzuidagi yillik 6-seminari o'tkazildi. Seminar yakunida “Islom hamkorlik tashkilotiga a'zo mamlakatlarda yoshlar huquqlari to'g'risidagi Toshkent deklaratsiyasi” qabul qilindi.

2020 yilning 12-13 avgust kunlari “Yoshlar – 2020: global miqyosdagi birdamlik, barqaror taraqqiyot va inson huquqlari” nomli Samarqand forumi yuqori saviyada tashkil etildi. Forum yakunida Samarqand rezolyutsiyasi qabul qilindi va u BMT Bosh Assambleyasi 74-sessiyasining rasmiy hujjati sifatida taqdim etildi.

XXI asrda yoshlar dunyo aholisining yarmidan ko'pini tashkil etayotganini, yoshlar sonining ortishi jamiyatda mazkur toifadagi shaxslararo munosabatlarning xilma-xillashuviga, aholining boshqa qatlamlariga ular ko'rsatadigan ta'sir kuchining ortishiga olib kelishini, bu esa yoshlar o'rtasidagi munosabatlarni tartibga solishning yangi huquqiy tizimlarini ishlab chiqishni taqozo etishini inobatga olsak, davlatimiz rahbari yuksak xalqaro minbardan turib ta'kidlayotgan fikrlarning, ilgari surayotgan taklif va tashabbuslarning mohiyatini yanada teranroq anglaymiz. Buni xorijiy mutaxassislar ham e'tirof etmoqda.

“Yoshlar – bizning kelajagimiz, ular yangi dunyoni barpo etadi va shuning uchun yosh avlodga ko'proq e'tibor berish kerak, – deydi «Volt» Umumevropa siyosiy partiyasining Bel`giya bo'linmasi kommunikatsiyalar bo'limi hamraisi Vita Kobiela. –  Prezident Shavkat Mirziyoev yoshlar va aholi salomatligi muhofazasini 2021 yilning ustuvor vazifasi etib belgilab, o'zini dono davlat arbobi va muammolarni chuqur tushunadigan siyosatchi sifatida namoyon etdi”.

Davlatimiz rahbarining BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashining 46-sessiyasidagi nutqi inson huquqlarini, shu jumladan yoshlar huquqlarini ta'minlash yer yuzidagi tinchlik, xavfsizlik va barqaror taraqqiyotning kafolati ekanini yana bir bor butun dunyoga eslatdi.

Dunyoning eng yirik inson huquqlari himoyachisi bo'lgan tashkilot minbaridan turib bildirilgan taklif va tashabbuslar mamlakatimizning nafaqat xalqaro huquqda qabul qilingan insonparvar me'yorlarning intizomli ijrochisi, balki global ahamiyatga ega bo'lgan loyihalar tashabbuskori sifatida ham mavqei mustahkamlanishiga xizmat qilishi shubhasiz.

Azizbek RAMAZONOV,
“Demokratlashtirish
va inson huquqlari”
jurnali tahririyati xodimi

Infografika: A.Jumaniyazov tayyorladi

Powered by GSpeech