YOSHLAR JINOYATCHILIGINING OLDINI OLISH MASALALARIGA BAG'ISHLANDI

Har qanday jinoyat jamiyat uchun xatarli. Ayniqsa ushbu illatning yoshlar tomonidan sodir etilayotgani yurt ravnaqi va osoyishtaligiga daxldor kishini tashvishga solmay qo'ymaydi. Shu bois, kelajak avlodning taqdiri bilan bog'liq bunday muammolar doimo dolzarb ahamiyat kasb etadi.    

Ichki ishlar vazirligi akademiyasida o'tkazilgan xalqaro ilmiy-amaliy anjuman ayni shu masalaga bag'ishlandi. Unda nufuzli xalqaro tashkilotlarining mamlakatimizdagi vakolatxonalari, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi hamda tegishli vazirlik, idora va muassasalar vakillari, mamlakatimiz va xorijning huquqni muhofaza qiluvchi organlari uchun kadrlar tayyorlashga ixtisoslashgan ta'lim muassasalari ekspertlari, ilmiy tadqiqotchilar va kursantlar ishtirok etdi. 

Anjuman avvalida O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademiyasi boshlig'i, polkovnik Rustam Xatamov so'zga chiqib, mamlakatimizning yoshlarga oid davlat siyosati kelajak avlodni har tomonlama qo'llab-quvvatlash, huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, yuksak bilim salohiyatli, tashabbuskor hamda shijoatli yoshlarni kamol toptirishga qaratilganini alohida e'tirof etdi. 

– Sohadagi islohotlar samarasida Yoshlar ishlari agentligi, Oliy Majlis palatalari huzurida Yoshlar parlamentlari hamda Innovatsion rivojlanish vazirligi qoshida Yoshlar akademiyasi faoliyati yo'lga qo'yildi. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan “Yoshlar: 1+1”, “Har bir tadbirkor – yoshlarga madadkor”, “Yoshlar kichik sanoat zonalari”, “Loyihalar fabrikasi”, “Yoshlar texnoparklari”, “Yoshlar murojaati” elektron platformasi singari loyihalar hayotga tatbiq etildi. So'nggi yillarda yoshlar muammo va takliflarini o'rganish, ularni mustaqil hayotga tayyorlash orqali mamlakat hayotidagi faolligini oshirishning samarali mexanizmlari yaratildi, – dedi Akademiya boshlig'i. 

Ilmiy-amaliy anjumanda yoshlar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatchilikning omillari, ularga imkon beratgan shart-sharoitlar, ushbu illatni bartaraf etish yo'llari, bu borada xorij mamlakatlarining tajribasi, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning ushbu yo'nalishdagi faoliyatini yanada takomillashtirish masalalariga e'tibor qaratildi. Tahlillar shuni ko'rsatmoqdaki, yoshlar jinoyatchiligiga asosan nosog'lom muhitda voyaga yetgan, ota-onalar nazoratisiz qolgan qatlam vakillari qo'l urishadi. Ularning o'z vaqtini besamara o'tkazishi, qarovsizligi oxir-oqibat turli salbiy illatlar ta'siriga tushib qolishiga sabab bo'lmoqda. Mamlakatimizda ushbu muammoning oldini olish borasida tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani natijasida yoshlar jinoyatchiligi bilan bog'liq ko'rsatkichlar yildan-yilga yaxshilanmoqda. 

– Statistik ma'lumotlarga ko'ra, dunyo mamlakatlari aholisining 16 foizini yoshlar tashkil qiladi, – dedi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov. – Mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish doimo ustuvor ahamiyat kasb etgan. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashining 46-sessiyasida aholimizning yarmidan ko'pini tashkil etadigan yoshlar huquqlarini himoya qilish doimo e'tiborimiz markazida ekanligini alohida ta'kidlab o'tdi. Bugun O'zbekiston ulkan yangilanishlarni boshdan kechirmoqda va bu jarayonda zamonaviy bilim va dunyoqarash bilan hayotga kirib kelayotgan yosh avlod maydonga chiqmoqda. Yoshlarning huquq va manfaatlarini ta'minlash, ezgu tashabbusi va salohiyatini qo'llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlarning harakatlantiruvchi kuchi bo'lib xizmat qiladi. 

Anjuman doirasida “Yoshlar va inson huquqlari”, “Yoshlarga e'tibor – davlat siyosatining ustuvor yo'nalishi”, “Voyaga yetmaganlar javobgarligining xususiyatlari”, “O'zbekiston Respublikasida yoshlar jinoyatchiligining oldini olishni takomillashtirish”, “Yoshlar orasida jinoyatchilikning oldini olish masalalari”, “O nekotorix osobennostyax lichnosti moshennika, sovershivshego prestuplenie v otnoshenii nesovershennoletnego”, “Innovatsii v sfere preduprejdeniya prestupleniy protiv polovoy neprikosnovennosti nesovershennoletnix” mavzularida ma'ruzalar tinglandi, yoshlar jinoyatchiligining sodir etilishiga ta'sir ko'rsatayotgan sabablarni o'rganish va oldini olishning muhim jihatlari haqida mulohazalar bildirildi. 

Yoshlar muammolarini o'rganish amaliyotini takomillashtirish, ularni o'ylantirayotgan muammolarni “mahallabay”, “oilabay” va “fuqarobay” tizimida joyida hal qilish, yoshlar jinoyatchiligini nazorat qilishning elektron modulini tatbiq etish, huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyatiga elektron axborot platforma tizimini joriy qilish, yoshlarga oid munosabatlarni tartibga soluvchi qonunchilikni yanada takomillashtirish borasida bildirilgan taklif hamda tavsiyalar anjuman ishtirokchilarining diqqat-markazida bo'ldi. 

Konferentsiya yakunlari bo'yicha “Yoshlar jinoyatchiligining sabablari, shart-sharoitlari va oldini olish” nomli ilmiy maqolalar to'plami chop etiladi.

Manba: IIV Akademiyasining Axborot xizmati

Powered by GSpeech