Yoshlar – O'zbekistonning eng katta boyligi

So'z – anjuman ishtirokchilariga

Poytaxtimizda bo'lib o'tayotgan "Global harakatlarga yoshlarni jalb qilish" mavzusidagi Yoshlar huquqlari bo'yicha butunjahon konferentsiyasida mavzuga oid dolzarb, pandemiya davrida O'zbekistonning yoshlar bo'yicha siyosati, jahon miqyosida yoshlar manfaatlarini ta'minlash masalalari atroflicha muhokama etilmoqda. Anjuman ishtirokchilarining ayrimlari fikrini e'tiboringizga havola etamiz.

Martin Chungong, Parlamentlararo ittifoq bosh kotibi:

– Bunday dolzarb mavzudagi anjumanda ishtirok etish men uchun katta sharaf. Joriy yilning iyun oyida O'zbekistonda bo'lib, Prezident Shavkat Mirziyoev, Senat Raisi Tanzila Norboeva bilan uchrashganimda O'zbekistonda yoshlarga oid amaliy tashabbuslar faol o'rtaga tashlanayotgani, bu borada jiddiy qadamlar qo'yilganiga guvoh bo'ldim. 

Bugun parlament yoshlar hayotini yaxshilashga faol hissa qo'shmoqda. Ta'lim orqali yoshlarning siyosatda, turli strategiyalarni ishlab chiqishdagi ishtiroki tobora ortmoqda. Ushbu konferentsiya yoshlarga daxldor muammolarni hal etish bilan bog'liq hujjatlarni yaratishda muhim platforma vazifasini o'taydi.

Muhammad Rizo Majidiy, Osiyo parlament assambleyasi bosh kotibi:

– O'zbekiston rahbariyati, hukumati va parlamenti tomonidan yoshlar manfaatlarini ta'minlash borasidagi sa'y-harakatlar chindan ham e'tibor va e'tirofga loyiqdir. Bizning assotsiatsiyamiz yoshlarni parlament faoliyatiga jalb etishga doir masalalarga qaratilgan. 

Yoshlar mohiyatan adolatli, yaxshi hayot yaratishni istaydi. Shu bois ularni siyosiy jarayonlar, saylovlardagi ishtirokini yanada faollashtirish muhimdir. Bugun dunyodagi pandemiya jarayoni yoshlarga ham o'z ta'sirnini o'tkazdi. Mavjud muammolarga birgalikda yechim topish, bunda ularning ham bevosita ishtirokini ta'minlash ahamiyatlidir.

Margareta Sederfel`t, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Parlament assambleyasi prezidenti:

– Men hamisha O'zbekistonga borgim keladi. Lekin hozirgi murakkab pandemiya sharoitida buning sira iloji yo'q. 2019 yili O'zbekistondagi parlament saylovida kuzatuvchi bo'lib qatnashgandim. Nasib etsa, Prezident saylovida ham kuzatuvchi sifatida ishtirok etishni istayman. O'zbekistonning yoshlarga oid ilg'or tashabbus va intilishlari e'tiborga molik. Pandemiya davrida yo'qotishlar, muammolar ko'p bo'ldi. Uning oqibatlari o'ta kuchli. 

Nainki yoshlarning ta'lim olishi, balki sport-sog'lomlashtirish, ma'rifiy-ko'ngilochar yo'nalishdagi ko'plab yirik tadbirlar qoldirildi. Dunyo yoshlarining bunday xatar bilan ro'baro' kelishi biz kattalarni ogohlikka da'vat etmog'i kerak. Yuzaga kelgan xatar oqibatlarini yumshatishda, yoshlarga oid muammolarni hal etishda juda ehtiyotkorona yondoshish talab etiladi. Yoshlarning maqsad va orzularini ro'yobga chiqarishda O'zbekiston faollik ko'rsatayotgani yaqqol namoyon bo'lmoqda.

Olga Kulaeva, Xalqaro Mehnat tashkilotining adolatli mehnat masalalari bo'yicha texnik ko'mak guruhi va Markaziy Osiyo hamda Sharqiy Yevropa davlatlari byurosi direktori:

– Yoshlik - imkoniyatlar davri. Lekin hozirgi murakkab pandemiya davrida barcha orzu-istaklar ham yuzaga chiqavermaydi. Dunyo yoshlari uchun sifatli ta'lim, mehnat bozori, bir ishdan boshqasiga o'tish kabi jabhalarda ko'plab muammolar yuzaga keldi. O'zbekiston ularni izchil va bosqichma-bosqich hal etish yo'lidan bormoqda. 

Bu diyor qadim tarixga, ko'p asrlik madaniyatga ega. Lekin O'zbekistonning eng katta boyligi – yoshlar. Bugun mamlakatda jiddiy islohotlar, salmoqli o'zgarishlar yuz bermoqda. Bolalar mehnati, majburiy mehnat barham topdi. Biz bandlik, kasbiy orientatsiya bo'yicha amaliy ishlarni qo'llab-quvvatlaymiz.

O'zA muxbiri N.Usmonova yozib oldi

Powered by GSpeech