O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashi 46-sessiyasidagi nutqi mamlakatimiz aholisi va xalqaro jamoatchilik tomonidan keng muhokama qilinmoqda. Koronavirus pandemiyasi munosabati bilan Kengashning ushbu yig'ilishi videoanjuman shaklida o'tkazilmoqda.
Bugungi kunda Inson huquqlari kengashi dunyodagi inson huquqlari masalalariga yechim topadigan global markazga aylangan bo'lib, uning kun tartibidan fuqarolik, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarni ta'minlash bilan bog'liq eng dolzarb masalalar o'rin olgan. Aytish kerakki, O'zbekiston ilk bor 2021-2023 yillar davriga mazkur Kengash a'zosi etib saylangani mamlakatimizda so'ngi to'rt yilda inson huquqlarini ta'minlashga qaratilgan islohotlarning xalqaro hamjamiyati tomonidan muhim e'tirofi bo'ldi.
Davlatimiz rahbari nutqi Inson huquqlari kengashining Yuqori darajadagi segmenti doirasida davlat rahbarlari orasida birinchi bo'lib tinglandi. Shuningdek, ushbu nutq ilk marotaba inson huquqlari bo'yicha dunyo poytaxti bo'lmish Jeneva shahrida o'zbek tilida yangradi. Ushbu nutqni “Inson huquqlari bo'yicha ma'ruza” deb ham ta'riflash mumkin. Bunga bir necha asoslar mavjud.
Birinchidan, nutqda BMT Bosh kotibi A.Guterrish tomonidan e'lon qilingan “Inson huquqlari yo'lida harakatga da'vat” tashabbusida e'tirof etilgan tashabbus va yo'nalishlar qamrab olindi.
Ikkinchidan, Prezidentimiz tomonidan inson huquqlari sohasida 7 ta ustuvor yo'nalish belgilanib, 18 ta aniq tashabbus bildirildi.
Uchinchidan, bildirilgan taklif va tashabbuslar birinchi navbatda ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlar manfaatlariga qaratilgan, ya'ni ayollar, bolalar, yoshlar, nogironligi bo'lgan shaxslar huquqlarini himoya qilish va qo'llab-quvvatlashni ko'zda tutadi.
To'rtinchidan, nutqda parlament, huqumat, sud hokimiyati hamda fuqarolik jamiyati institutlari oldida turgan inson huquqlari sohasidagi muhim vazifalar, jumladan odil sudlov va inson huquqlari bo'yicha ta'limni rivojlantirish hamda qiynoqlarning oldini olish bo'yicha istiqboldagi ishlar yana bir aniqlashtirildi.
Beshinchidan, nutqda ilgari surilgan tashabbuslar bevosita O'zbekiston va BMT doirasidagi ikki tomonlama hal etiladigan masalalar bilan birgalikda, mintaqaviy va global darajada keng xalqaro hamkorlar bilan amalga oshirilishi talab etiladi.
Oltinchidan, Prezidentimiz nutqida barcha taklif va tashabbuslar BMT doirasida amalga oshirilayotgan muhim voqealar va tadbirlar bilan bevosita bog'liq holda taqdim etildi. Jumladan, "hech kimni e'tibordan chetda qoldirmaslik" tamoyili, fuqaroligi bo'lmagan shaxslar sonini kamaytirish bo'yicha taklif, Bolalar mehnatiga barham berish xalqaro yili hamda Inson huquqlari sohasida ta'lim deklaratsiyasining 10 yilligi doirasida yangi tashabbuslar ilgari surildi.
Yettinchidan, ushbu nutqda belgilab berilgan yangi vazifalar Prezidentimizning BMT Bosh Assambleyasi 75-sessiyasidagi nutqi hamda Oliy Majlisga yo'llangan Murojaatnomasidagi vazifalar bilan hamoxangdir.
O'zbekiston Prezidentining tashabbuslari mamlakatimiz tomonidan 2019 yildagi saylov jarayonida e'lon qilingan “BMTning Inson huquqlari bo'yicha kengashiga 2021-2023 yillarda taqdim etiladigan Ixtiyoriy majburiyatlar va va'dalar” bevosita amaliyotga tatbiq etilayotganidan dalolatdir. Binobarin, O'zbekiston taqdim etgan "Ixtiyoriy majburiyatlar va va'dalar"da mamlakatda inson huquqlari sohasida erishilgan yutuqlar va amalaga oshirilayotgan islohotlar bilan birga, bu borada kelgusida bajariladigan vazifalar ham o'z aksini topgandi.
Davlatimiz rahbari Jenevadagi chiqishida xalqaro, mintaqaviy va milliy doiralarda O'zbekistonning istiqboldagi majburiyatlari va rejalari hakida batafsil bayonot berdi.
Ushbu majburiyatlar 2030 yilgacha bo'lgan davrda BMT Global kun tartibi doirasida amalga oshirishi ta'kidlandi. Shu bilan birga, inson huquqlari borasida hali ulkan yo'lning boshida turganimizga e'tibor qaratildi.
Shuni a'lohida ta'kidlash kerakki, bugungi kunda "Ixtiyoriy majburiyatlar va va'dalar" doirasidagi vazifalarni bajarishga allaqachon kirishilgan. Endilikda BMTning Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari Boshqarmasi bilan hamkorlikda global forum o'tkazish, shuningdek ushbu sohada o'qitish tizimini rivojlantirish maqsadida BMTning inson huquqlari sohasidagi Ixtiyoriy badallar jamg'armasiga O'zbekiston tomonidan munosib hissa qo'shish takliflarining amalgna oshirilishi bu boradagi faoliyatimizni yangi bosqichga ko'taradi.
Prezidentimiz bu yil BMTning Inson huquqlari sohasida ta'lim va tarbiya to'g'risidagi deklaratsiyasi qabul qilinganining 10 yilligi keng nishonlanishini alohida ta'kidlagani bejiz emas. Bugungi kunda BMTga a'zo 20 dan ortiq davlatda inson huquqlari sohasida ta'lim bo'yicha milliy harakatlar dasturlari qabul qilingan. Bu inson huquqlari sohasidagi ta'lim masalasiga e'tibor izchil kuchayib borayotganini ko'rsatadi.
BMTning Inson huquqlari sohasida ta'lim va tarbiya to'g'risidagi deklaratsiyasi qoidalarini amalga oshirish bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy harakatlar dasturi parlament tomonidan tasdiqlangan. Bu borada ishlab chiqilgan “Yo'l xaritasi”dagi tadbirlar tizimli ravishda bajarilmoqda.
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi doirasida ta'lim muassasalarida «Inson huquqlari», «Ayollar huquqlari» va «Bola huquqlari» bo'yicha o'quv kurslarini, shuningdek “Inson huquqlariga oid xalqaro huquq» mutaxassisligi bo'yicha qo'shma magistratura yo'nalishini (konsortsium) joriy qilish borasidagi amaliy ishlar davom etmoqda.
Bundan tashqari, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi huzurida «Inson huquqlari bo'yicha fan doktori (DSc)» va «Inson huquqlari bo'yicha falsafa doktori (PhD)» ilmiy darajalarini olish uchun ilmiy kengash ochildi. Inson huquqlariga rioya etish va uni himoya qilish sohasida kadrlar malakasini oshirish bo'yicha o'quv kurslari faoliyati yo'lga qo'yildi.
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan xalqaro va milliy hamkorlar bilan birgalikda “Inson qadr-qimmati – eng oliy qadriyat” maxsus o'quv moduli ishlab chiqilib, 500 dan ortiq sud`ya va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning rahbar xodimlari o'qitildi. O'quv jarayoniga Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti yetakchi ekspertlari jalb qilinib, qariyb 40 ta onlayn vebinar tashkil qilindi.
O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev ta'kidlaganidek, «O'zbekiston Inson huquqlari bo'yicha kengash a'zosi sifatida xalqaro huquqning inson huquqlariga oid umum e'tirof etilgan printsip va normalarini qat'iy himoya qiladi va faol ilgari suradi”.
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish ta'biri bilan aytganda, “Inson huquqlari bizning umidimiz, ular ziddiyatlarni hal qilishda va mustahkam tinchlikni o'rnatishda yordam beradi. Inson huquqlari hamma uchun qadr-qimmat va imkoniyat dunyosini barpo etish uchun asos bo'lib, ular har kuni sinovdan o'tkaziladi”.
Xulosa o'rnida shuni ta'kidlash joizki, Prezidentimiz tomonidan BMTning Inson huquqlari kengashida ilgari surilgan yangi tashabbuslar barchamizga mas'uliyatli vazifalarni yuklamoqda.
Mirzatillo Tillabaev,
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazi
direktorining birinchi o'rinbosari
- Qo'shildi: 01.03.2021
- Ko'rishlar: 5779
- Chop etish