11 noyabr kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida parlament a’zolariga mo‘ljallangan ikkita yangi nashr – “Fuqarolik to‘g‘risidagi qonunlarda fuqarosizlikning oldini olish va kamaytirishning muvaffaqiyatli amaliyoti” nomli 29-qo‘llanma hamda “Qochoqlarni xalqaro himoya qilish va davlat boshpana tizimini yaratish masalalari bo‘yicha qo‘llanma”ning (Parlament a’zolari uchun 27-qo‘llanma) o‘zbek tilidagi tarjimalari taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Tadbir BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Mazkur kitoblar Parlamentlararo Ittifoq va BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasi bilan birgalikda nashr etildi. Har ikki qo‘llanma parlament a’zolariga fuqarolik va fuqarosizlik to‘g‘risidagi milliy qonunchilik hujjatlarini ishlab chiqish hamda qo‘llash jarayonida muhim amaliy vosita sifatida xizmat qiladi.
Taqdimotda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov ta’kidlaganidek, fuqarosizlik muammolariga yechim topish – bugungi kunda dunyoning aksariyat mamlakatlari siyosatida dolzarb o‘rin tutadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoev BMT Inson xuquqlari bo‘yicha kengashining 46-sessiyasida O‘zbekiston fuqarosizlikni kamaytirish borasidagi siyosatiga qat’iy sodiqligini yana bir bor ta’kidladi.
Shu asosda, xususan, “O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi to‘g‘risida”gi yangilangan qonunga muvofiq, 2021 yil 1 maydan boshlab mamlakatimizga 2005 yil 1 yanvarga qadar kelib, doimiy yashayotgan, shuningdek, mamlakatimizda 15 yil davomida doimiy yashab turgan fuqaroligi bo‘lmagan va chet davlat fuqaroligini qabul qilmagan shaxslar tomonidan istak bildirilgan taqdirda O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi deb tan olish tartibi joriy qilindi.
O‘z navbatida, BMT Qochoqlar masalalari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo mintaqasidagi vakili Xans Fridrix Shodder fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar va qochoqlarni himoya qilishning uzoq tarixi va ibratli namunalarini o‘zida mujassam etgan hamda parlament a’zolari uchun muhim mazkur qo‘llanmalarning o‘zbek tiliga tarjima qilingani va nashr etilganidan mamnunligini bildirdi. Uning fikricha, samarali parlament diplomatiyasi BMT Qochoqlar masalalari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining global maqsadlariga to‘liq mos keladi.
Shuningdek, “ushbu tarjimalar fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar va qochoqlarni himoya qilishga taalluqli milliy qonunchilik, mavjud amaliyot va institutlarni samarali rivojlantirishga, fuqarosizlikning oldini olish va unga batamom barham berishga yaqindan ko‘maklashishiga ishonamiz”, dedi X.F.Shodder.
Taqdimot ishtirokchilari fuqarosizlik muammosini hal qilishda o‘zaro hamkorlik muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladilar. Deputat va senatorlarning so‘zlariga qaraganda, xalqaro hujjatlarning o‘zbek tiliga tarjima qilinishi parlament a’zolariga inson huquqlari va fuqarosizlik to‘g‘risidagi xalqaro huquqning umumiy prinsiplari bilan tanishish imkonini beradi. Bundan tashqari, xalqaro standartlar milliy qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotiga nechog‘lik tatbiq etilayotgani xususida muayyan tasavvurga ega bo‘lish uchun imkoniyat yaratadi.
Xalqaro hujjatlarning ushbu tarjima nashrlari O‘zbekistonning inson huquqlari sohasida faoliyat olib borayotgan xalqaro tashkilotlar bilan amaliy hamkorlikka sodiqligini yana bir bor tasdiqlaydi.
Xususan, “Qochoqlarni xalqaro himoya qilish va davlat boshpana tizimini yaratish masalalari bo‘yicha qo‘llanma” nomli parlament a’zolari uchun 27-qo‘llanmada qochoqlar va xalqaro himoyaga ehtiyojmand boshqa shaxslar duch keladigan muammolar ochib berilgan. Shunday shaxslar uchun qo‘llanadigan xalqaro-huquqiy standartlar va majburiyatlar tushunarli va qulay uslubda bayon etilgan.
“Fuqarolik to‘g‘risidagi qonunlarda fuqarosizlikning oldini olish va kamaytirishning muvaffaqiyatli amaliyoti” nomli 29-qo‘llanmada esa bu borada sinovdan o‘tgan va davlatlarning milliy qonunchiligida qo‘llanishi mumkin bo‘lgan amaliy misollar tavsiya etilgan. Bularning barchasi, o‘z navbatida, bolalar o‘rtasida fuqarosizlik yuzaga kelishiga mutlaqo yo‘l qo‘ymaslik, fuqarosiz shaxslarni aniqlash tartib-taomillarini joriy etish, umuman, fuqarosizlikka barham berish kabi o‘ta dolzarb masalalarda davlatlar uchun foydali va qulay imkoniyatlar tug‘diradigan muhim tavsiyalardir.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 12.11.2021
- Ko'rishlar: 3426
- Chop etish