Abdulla Oripov tavalludining 80 yilligiga bag'ishlangan xotira tadbiri o'tkazildi

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning O'zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripov tavalludining 80 yilligini keng nishonlash to'g'risidagi qaroriga asosan Oliy Majlis Qonunchilik palatasida videoanjuman shaklida xotira tadbiri o'tkazildi.

Davlatimiz rahbarining tegishli qarori bilan ulug' ijodkor tavalludining 80 yilligini nishonlash bo'yicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlangan bo'lib, shunga muvofiq Abdulla Oripov xotirasini abadiylashtirish maqsadida keng ko'lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Xotira tadbirini ochar ekan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining birinchi o'rinbosari Akmal Saidov yig'ilganlarga shu haqda atroflicha ma'lumot berdi.

Shoirning ijodi va hayoti haqida hikoya qiluvchi videolavha namoyish etildi.

Ma'lumki, Abdulla Oripov 1941 yil Qashqadaryo viloyati Koson tumani Nekuz qishlog'ida tug'ilgan, 1958 yil o'rta maktabni oltin medal` bilan tamomlab, tahsilni O'zbekiston davlat universiteti o'zbek filologiyasi fakul`tetining jurnalistika bo'limida davom ettiradi.

Shior 1963 yildan 1996 yilgacha turli ijodiy tashkilotlarda samarali faoliyat yuritgan. Uzoq yillar O'zbekiston yozuvchilar uyushmasiga raislik qilgan, O'zbekiston mualliflik huquqini himoya qilish qo'mitasini boshqargan.

Ilk she'riy to'plami “Mitti yulduz” deb nomlangan bo'lib, shoirning 20 ga yaqin kitoblari nashr etilgan. Abdulla Oripov Dante Alig`erining “Ilohiy komediyasi” va boshqa ijodkorlarning asarlarini o'zbek tiliga yuksak mahorat bilan tarjima qilgan.Abdulla Oripov O'zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi so'zining muallifi sifatida ham xalqimiz qalbida mangu yashashi ta'kidlandi.

Abdulla Oripov mamlakatimiz parlamentini shakllantirish va rivojlantirish jarayonlariga munosib hissa qo'shgan. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, keyinchalik Senat a'zosi bo'lgan.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o'rinbosari Ulug'bek Inoyatov u kishining siyosiy faoliyati, xususan, qonun ijodkorligi, ijtimoiy himoyani kuchaytirishga doir takliflari haqida so'z yuritdi.

Xotira kechasida O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid, akademik Qalandar Abdurahmonov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Xurshid Do'stmuhammad so'z olib, Abdulla Oripov ijodiyotining o'zbek adabiyoti tarixidagi ahamiyati, shoir asarlarida insoniylik va vatanparvarlik yuksak qadriyat sifatida tarannum etilgani haqida fikr-mulohazalarini bildirishdi.

Bir guruh deputatlar shoirning “Men nechun sevaman O'zbekistonni” she'rini turli tillarda mushoira tarzida aytib berishdi.

Xotira tadbirida shoirning turmush o'rtog'i Hanifa Mustafoeva hamda video aloqa orqali Qarshi shahridagi Abdulla Oripov ijod maktabi o'quvchilari ham ishtirok etdi.

Tadbirda Abdulla Oripov xotirasiga bag'ishlangan, Prezident qaroriga ko'ra tayyorlangan “O'zbekiston – dilbar vatanim” kiboti taqdimoti ham o'tkazildi.

Manba: parliament.gov.uz

Powered by GSpeech