Toshkent irrigatsiya va qishloq xo'jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida O'zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripov tavalludining 80 yilligiga bag'ishlangan xotira tadbiri bo'lib o'tdi.
O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari, akademik Akmal Saidov, O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining o'rinbosari G'ayrat Majid, G.V.Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universiteti Toshkent filiali direktori, akademik Qalandar Abdurahmonov, institut professori, faylasuf olim Qiyomiddin Nazarov va boshqalar milliy adabiyotimiz rivojida ustoz shoir Abdulla Oripovning munosib hissasi borligini ta'kidladi.
– Navro'z bayrami bilan Abdulla Oripov tavalludiga o'ziga xos ramziylik bor, –-dedi Akmal Saidov. – Negaki, Abdulla Oripov milliy adabiyotimizga Navro'z ruhiyatini olib kirdi, desak mubolag'a bo'lmaydi. Davlatimiz rahbarining Abdulla Oripov tavalludining 80 yilligini nishonlashga oid tashabbusi shoirning shaxsiyatiga, ijodiga bo'lgan yuksak e'tiborning amaliy ko'rinishidir. Abdulla aka deputat, senator sifatida faoliyat ko'rsatganlarida Qashqadaryoga xizmat safari bilan juda ko'p marta birga borganmiz. Safar ijodiy uchrashuvlarga, adabiyot bayramlariga aylanib ketardi. Muxlislarning shoirga bo'lgan e'tibori, ehtiromi cheksiz ekani bu uchrashuvlarda yana bir karra namoyon bo'lardi.
–- Abdulla Oripov O'zbekiston davlat madhiyasi she'rining muallifidir, – dedi G.V.Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universiteti Toshkent filiali direktori Qalandar Abdurahmonov. – Xalqimiz o'zligini namoyon etuvchi bu go'zal asar jahonning turli mamlakatlarida qayta-qayta yangramoqda. Fikrimcha, hech kimning she'rlari Abdulla Oripov ijodichalik ko'p o'qilmaydi. Abdulla Oripovning oddiyligi, xalqimizga mehri balandligi, qalbi kengligi, alloma ijodkor ekanini ehtirom bilan yodga olamiz.
Xotira tadbirida Akmal Saidov, Qalandar Abdurahmonov, G'ulom Mirzo hammuallifligida "Akademnashr" nashriyotida chop etilgan "O'zbekiston – dilbar vatanim" kitobining taqdimoti ham bo'lib o'tdi. Kitob ustoz shoir hayoti va ijodi, faoliyati bilan bog'liq yorqin xotiralarga boyligi bilan ahamiyatlidir.
Nazokat Usmonova, O'zA
- Qo'shildi: 18.03.2021
- Ko'rishlar: 4141
- Chop etish