Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov 27 oktyabr kuni Buyuk Britaniya parlamenti Lordlar palatasi a’zosi Baronessa Satti bilan uchrashdi.
A.Saidov mehmonlarni yurtimizga tashrifi bilan samimiy qutlab, mazkur uchrashuv ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni yangi bosqichida muhim o‘rin tutishini alohida ta’kidladi.
Suhbat chog‘ida delegatsiya a’zolariga mamlakatimizda so‘nggi besh yilda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, har tomonlama puxta o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va amaliy tashqi siyosatning ustuvor yo‘nalishlari haqida so‘zlab berildi.
Muloqotda keng doiradagi masalalar, shu jumladan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Buyuk Britaniya parlamenti Lordlar palatasi o‘rtasidagi parlamentlararo hamkorlik aloqalari muhokama etildi. Ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirishda parlamentlararo aloqalarni yanada chuqurlashtirish muhimligi qayd etildi.
Keyingi yillarda O‘zbekistonda inson manfaatlari, huquqlari va erkinliklarini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan izchil islohotlarga jahon hamjamiyati, xalqaro diplomatik korpus vakillari katta e’tibor qaratayotgani, ayniqsa, bu jarayon Buyuk Britaniya davlati va uning siyosatchilari tomonidan alohida qo‘llab-quvvatlanayotgani ta’kidlab o‘tildi.
Mamlakatimizda Inson huquqlari sohasida O‘zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlariga rioya etilishi bo‘yicha tashkil etilgan Parlament komissiyasi inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha davlat siyosatini amalga oshirishda faol ishtirok etayotgani qayd etildi.
E.Satti 24 oktyabr kuni 5 ta saylov uchastkalarida kuzatuv olib borganini va faqat ijobiy holatlarni kuzatganini ma’lum qildi. Barcha saylov uchastkalarida bayramona muhit hukm surayotgani, COVID-19 pandemiyasiga qarshi barcha choralar ko‘rilgani, xususan saylov uchastkasiga kirish va chiqish uchun alohida yo‘lakchalar tashkil etilganini e’tirof etdi.
Mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarning asosiy maqsadi inson, uning ehtiyoj va manfaatlarini ta’minlashdan iborat ekanligiga, ayniqsa, navqiron avlodga beqiyos g‘amxo‘rlik ko‘rsatilayotganiga yuqori baho berib, respublikada demokratik islohotlarning borishini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
Uchrashuvda Buyuk Britaniyaning Global sheriklik boshqaruvi jamg‘armasi nodavlat tashkiloti bilan amalga oshirilgan loyihaning ikkinchi bosqichini amalga oshirish bo‘yicha ham kelishib olindi.
Tomonlar Buyuk Britaniya bilan har tomonlama va konstruktiv aloqalarni yanada kengaytirish yuzasidan ham fikr almashdi. Turli sohalarda, jumladan, parlamentlararo yo‘nalish orqali ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish borasida ishga solinmagan salmoqli salohiyat mavjudligi qayd etildi.
Uchrashuvda tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar ham muhokama qilindi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi rasmiy sayti.
- Qo'shildi: 27.10.2021
- Ko'rishlar: 3376
- Chop etish