2021 yil 9 noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari A.Saidov Parlamentlararo Ittifoq Ijroiya qo‘mitasi 286-sessiyasining navbatdagi videokonferens aloqa shaklida o‘tkazilgan yig‘ilishida ishtirok etdi.
Tadbirda 2021 yil 21 iyul kuni Parlamentlararo Ittifoq Ijroiya qo‘mitasining birinchi yig‘ilishida ilgari surilgan masalalar, jumladan, Parlamentlararo Ittifoqning 2022-2026 yillarga mo‘ljallagan yangi strategiyasi hamda joriy yilning 26-30 noyabr kunlari Ispaniyaning Madrid shahrida bo‘lib o‘tadigan 143-Parlamentlararo Ittifoq Assambleyasiga tayyorgarlik ko‘rish yuzasidan fikr almashildi.
Xususan, A.Saidov Parlamentlararo Ittifoqning kelgusi yillarga mo‘ljallangan faoliyati, unga a’zo davlatlar parlamentlari o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli aloqalarni yanada jadallashtirish, jumladan inson huquqlarini himoya qilish, barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish, atrof-muhit muhofazasi va iqlim o‘zgarishi muammolariga hamjixatlikda barham berish masalalariga alohida to‘xtaldi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston tomonidan Parlamentlararo Ittifoqning kelgusi 5 yillik faoliyati bilan bog‘liq qator ustuvor yo‘nalishlar, jumladan BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo‘lidagi Milliy parlamentlarning rolini oshirish, gender tenglikni ta’minlash va ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurashish, parlamentlararo aloqalarda yoshlarning o‘rnini oshirish bo‘yicha takliflari Parlamentlararo Ittifoqning Ijroiya qo‘mitasi a’zolari tomonidan qo‘llab-quvvatlanib, ushbu Strategiya loyihasida inobatga olinganligi ta’kidlandi.
Yig‘ilish yakuniga ko‘ra, ishtirokchilar Parlamentlararo Ittifoqning yangi stretegiyasi xalqaro maydonda milliy parlamentlarning rolini kuchaytirish, demokratik islohotlarni amalga oshirishga ko‘maklashishi, global miqyosdagi dolzarb muammolarni parlamentlararo hamkorlik doirasida yechimini topishga xizmat qilishi lozimligini bildirib o‘tdilar.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi rasmiy sayti.
- Qo'shildi: 10.11.2021
- Ko'rishlar: 3200
- Chop etish