O'zbekiston delegatsiyasi Moskvada yuridik hamkorlik masalalarini muhokama qildi

O'zbekiston delegatsiyasi O.YE.Kutafin nomidagi Moskva davlat yuridik universitetiga tashrif buyurdi. Tashrifdan maqsad Rossiyaning huquq sohasidagi ushbu eng mashhur oliy ta'lim muassasasi bilan o'zaro manfaatli hamkorlik istiqbollarini atroflicha muhokama qilishdir.

Uchrashuv 18 may kuni, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasining Rossiya Federatsiyasiga rasmiy tashrifi doirasida bo'lib o'tdi.

Delegatsiya a'zolari Moskva davlat yuridik universitetining «Innovatsion yurisprudentsiya» konsortsiumi faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Mazkur oliy o'quv yurti rektorati vakillari bilan muzokaralar olib borildi.

Muloqot asnosida Rossiya tomoni O'zbekiston bilan hamkorlikni rivojlantirishning muhimligini qayd etdi. Shu munosabat bilan bir qator amaliy tashabbuslar bildirildi.

Xususan, o'zbekistonlik yosh tadqiqotchilarning joriy yil noyabr` oyida Moskva Davlat universiteti bilan hamkorlikda o'tkaziladigan Kutafin o'qishlarida, shuningdek har yili aprel` oyida bo'lib o'tadigan Kutafin nomidagi Moskva yuridik forumida ishtirok etishlari yuzasidan fikr yuritildi.

Bundan tashqari, mamlakatimiz aspirantlari mavzuli loyihalar doirasida amalga oshiriladigan yozgi va qishki maktablarda qatnashish uchun taklif etildi.

 Rossiya tomonining yana bir tashabbusi – Xalqaro huquq va uning Markaziy Osiyoda amalga oshirilishi mavzusida davra suhbati o'tkazishdan iborat bo'ldi.

O'z navbatida, O'zbekiston tomoni ham bir qator tashabbuslarni ilgari surdi va bu amaliy takliflar Moskva davlat yuridik universiteti vakillari tomonidan qo'llab-quvvatlandi. Jumladan, Moskva davlat yuridik universiteti va Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazining davriy nashrlarida o'zaro hamkorlikda maqolalar e'lon qilib borish taklif qilindi.

O'zbekiston tomonining birgalikda Markaziy Osiyo bo'yicha yuridik sohaga ixtisoslashgan jurnal nashr etish, O'zbekistonning inson huquqlarini himoya qilish milliy institutlari bilan Moskva Davlat yuridik universiteti o'rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo'yicha “yo'l xaritasi” tuzishga doir takliflari ham ma'qullandi.

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech