O'zbekistonda BMT Nogironlar huquqlari to'g'risidagi konventsiyasi amal qilmoqda

2021 yil 28 iyul` kuni Toshkentda O'zbekiston Respublikasi uchun BMT Nogironlar huquqlari to'g'risidagi konventsiyacining kuchga kirishiga bag'ishlangan tantanali marosim bo'lib o'tdi. U Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan BMTning mamlakatimizdagi jamoasi hamda YEXHTning O'zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi bilan birgalikda tashkil etildi.

Tadbirda O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a'zolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, hukumat a'zolari, markaziy idoralar rahbarlari, xalqaro tashkilotlar va diplomatik korpus, shuningdek fuqarolik jamiyati instituti va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Anjumanga O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov va BMT Taraqqiyot dasturining O'zbekistondagi Doimiy vakili o'rinbosari  Doyna Muntyanu moderatorlik qildi.

Tantanali marosimda O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboeva, O'zbekiston Respublikasi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi direktorining birinchi o'rinbosari Bahodir Karimov, BMTning Inson huquqlari bo'yicha Oliy komissari boshqarmasining Markaziy Osiyo uchun mintaqaviy bo'linmasi rahbari Rishard Komenda, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O'zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi – Elchi, doktor P`er fon Arks va boshqalar so'zga chiqdi.

Ma'ruzachilar ta'kidlaganlaridek, keyingi besh yil davomida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev BMT Bosh Assambleyasining oliy minbaridan turib ilgari surgan milliy, mintaqaviy va xalqaro tashabbuslari keng jamoatchiligimiz hamda jahon hamjamiyati tomonidan har tomonlama qo'llab-quvvatlab kelinmoqda.

Bunday ijobiy munosabat, bir tomondan, O'zbekistonning davlatimiz rahbari belgilab bergan milliy taraqqiyot yo'lidan og'ishmay, dadil odimlayotganini tasdiqlasa, ikkinchi tomondan, mamlakatimizning xalqaro maydonda o'rni va nufuzi tobora mustahkamlanib borayotganiga yana bir yorqin dalildir.

Bugungi anjuman O'zbekiston Prezidenti tomonidan 2021 yil 22 fevral` kuni BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashining 46-sessiyasidagi nutqida ilgari surgan yana bir tashabbus amalga oshirilgani munosabati bilan tashkil etildi.

Bu o'rinda gap 2021 yilda “Nogironlar huquqlari to'g'risidagi konventsiyani (N`yu-York, 2006 yil 13 dekabr`) ratifikatsiya qilish haqida”gi O'zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilingani haqida bormoqda.

BMTning Nogironlar huquqlari to'g'risidagi konventsiyasi nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlari tengligi, ayniqsa, ayollar va bolalarning ta'lim olishi, salomatligini saqlashi, mehnat qilishi, o'zi va oilasi uchun yetarlicha turmush sharoitiga ega bo'lishining huquqiy kafolatlarini belgilovchi xalqaro-huquqiy hujjat. 

Mazkur Konventsiya BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 2006 yil 13 dekabrda qabul qilingan va 2008 yil 3 mayda kuchga kirgan.

BMTning  Nogironlar  huquqlari  to'g'risidagi konventsiyasi  XXI  asrda  qabul  qilingan  inson  huquqlari  to'g'risidagi birinchi shartnomadir. 

2021 yil fevral holatiga ko'ra, BMTning 192 a'zo-davlatidan 182 tasi ushbu xalqaro hujjatni ratifikatsiya qilgan.

Konventsiya 50 ta moddadan iborat bo'lib, dunyodagi nogironligi bo'lgan shaxslar holatini tahlil qilish asosida qabul qilingan. Konventsiya insonlarning turli-tumanligi va qadr-qimmati printsiplarini o'zida mujassamlashtirgan. Uning asosiy g'oyasi shundan iboratki, nogironligi bo'lgan shaxslar barcha inson huquqlari va erkinliklaridan kamsitishlarsiz foydalanish imkoniyatiga ega bo'lishi kerak.

O'zbekistonda kam ta'minlanganlar, nogironlar, yoshlar, ayollar va qariyalarni ijtimoiy himoya qilish inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi davlat siyosatining ustuvor yo'nalishi hisoblanadi.

Mamlakatimizning Nogironlar huquqlari  to'g'risidagi  konventsiyaga  qo'shilishiga  oid masala  davlat boshlig'ining quyidagi dasturiy hujjatlarida:

birinchidan,  “Nogironligi  bo'lgan  shaxslarni  davlat  tomonidan  qo'llab-quvvatlash  tizimini  tubdan  takomillashtirish  chora-tadbirlari to'g'risida”gi Farmonida (2017 yil 1 dekabrda qabul qilingan); 

ikkinchidan,  Inson  huquqlari  umumjahon  deklaratsiyasi  qabul qilinganining 70 yilligiga bag'ishlangan Tadbirlar dasturida (2018 yil 5 maydagi Farmon bilan tasdiqlangan);

uchinchidan,  Inson  huquqlari  bo'yicha  O'zbekiston  Respublikasining Milliy strategiyasida (2020 yil 22 iyundagi Farmon bilan tasdiqlangan); 

to'rtinchidan,  O'zbekiston  Respublikasi  Prezidentining  Birlashgan Millatlar  Tashkiloti  Inson  huquqlari  bo'yicha  kengashining  2021  yil  22 fevralda bo'lib o'tgan 46-sessiyasidagi nutqida nazarda tutilgan.

BMTning  Inson  huquqlari  bo'yicha  kengashi  va  BMT  xalqaro shartnomaviy  organlari  –  Iqtisodiy,  ijtimoiy  va  madaniy  huquqlar  qo'mitasining,  Irqiy  kamsitishni  tugatish  bo'yicha  qo'mitasining  yakuniy tavsiya  va  mulohazalarida  O'zbekiston  tomonidan Nogironlar  huquqlari  to'g'risidagi  konventsiyani  ratifikatsiya  qilinishi  bo'yicha  chora-tadbirlarni  takomillashtirish  va  bu borada targ'ibot-tashviqot  faoliyatini  amalga  oshirish  bir  necha marta tavsiya etilgan.

Nogironlar huquqlari to'g'risidagi konventsiyani ratifikatsiya qilish jarayonida O'zbekiston Respublikasi tomonidan noyob tajriba qo'llanildi. Ya'ni, xalqaro-huquqiy hujjat dastlab milliy qonunchilikka implementatsiya qilinib, shundan keyin ratifikatsiya qilindi.

O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirish doirasida nogironlarning ijtimoiy himoyasi va tengligini kafolatlaydigan bir qator qonunlar qabul qilindi. 2020 yil 15 oktyabrda qabul qilingan “Nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlari to'g'risida”gi Qonun nogironlarning huquqlarini belgilaydigan asosiy qonun hujjati hisoblanadi.

Konventsiyani ratifikatsiya qilishda 3 ta manba: milliy qonunchilik, xorijiy yuridik amaliyot va ushbu Konventsiyaning o'ziga tayanildi. AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Shveytsariya, Rossiya, Belarus`, Ukraina, Ozarbayjon kabi davlatlar tajribasi chuqur o'rganildi.

Xususan, AQSH, Buyuk, Britaniya, Germaniya, Shveytsariya kabi yetakchi xorijiy davlatlar Nogironlar huquqlari to'g'risidagi konventsiyani ratifikatsiya qilgan holda, tegishli milliy qonunlarini ham qabul qilgan. Bu qonunlarning barchasi mazmunan o'xshash bo'lib, Konventsiya talablari negizida ishlab chiqilgan.

Nogironligi bo'lgan shaxslar huquqlarini jamiyat hayotining si?siy, ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy sohalarida himoya qilish asosida qanday vaziyat bo'lishidan qat'i nazar insonni, shu jumladan nogironligi borligi tufayli kamsitmaslik printsipi yotadi. Bu borada nafaqat davlat tuzilmalari, balki fuqarolik jamiyati institutlari ham faollik ko'rsatayotgani juda muhim.

Bugungi kunda mamlakatimizda nogironlik sohasida 600 ga yaqin nodavlat notijorat tashkiloti faoliyat yuritmoqda. Ular orasida O'zbekiston nogironlar jamiyati, O'zbekiston nogironlar jamoat fondi, O'zbekiston Nogiron ishbilarmon ayollar milliy assotsiatsiyasi, Imkoniyati cheklangan yoshlar va bolalar markazi, O'zbekistondagi falaj nogiron bolalar va o'smirlarga yordam berish “Umr” jamoatchilik markazi, “Inklyuziv hayot” nogironlar jamoat birlashmasi, O'zbekiston Ko'zi ojizlar jamiyati, O'zbekiston karlar jamiyati kabi NNTlar bor. Ushbu nodavlat notijorat tashkilotlarining vakillari Konventsiyani ratifikatsiya qilishda faol ishtirok etdi.

Nogironlar huquqlari to'g'risidagi konventsiyaning ratifikatsiya qilinishi nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlarini himoya qilish sohasida zamonaviy usullar va xalqaro standartlarni joriy etishga, Konventsiyaning asosiy qoidalarini amalga oshirishga, shuningdek Barqaror rivojlanish maqsadlarining “Hech kimni ortda qoldirmang” tamoyilini amalga oshirishga yordam beradi.

Konventsiyani ratifikatsiya qilish natijasida – nogironligi bo'lgan shaxslarni ijtimoiy himoya qilish tizimi xalqaro norma va standartlarga muvofiqlashishi, nogironligi bo'lgan shaxslarni ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirish bo'yicha xalqaro tashkilotlarning maqsadli resurslarini jalb qilish imkoni kengayishini, aholini ijtimoiy himoya qilishdagi mamlakatimizning ijobiy xalqaro imiji yanada yaxshilanishiga xizmat qiladi.

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech