Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi vakillari ishtirokida o'tkazilgan beshinchi xalqaro trening doirasida BMTning Yoshlar huquqlari bo'yicha xalqaro konventsiyasi loyihasini ishlab chiqish jarayoni haqida ma'lumot berildi.

O'zbekiston Respublikasining inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarini bajarishi masalalari doirasida xalqaro tajriba almashishga bag'ishlangan ushbu trening Buyuk Britaniyaning “Global sheriklik boshqaruvi jamg'armasi” (GPGF) bilan hamkorlikda onlayn videokonferentsiya tarzida tashkil etildi.

Trening davomida yoshlar huquqlari sohasida xalqaro tizimlashtirish va majburiyatlar, ushbu yo'nalishda parlament nazorati yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar ham muhokama qilindi. 

Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari, Inson huquqlari bo'yicha Parlament komissiyasi raisi Akmal Saidov inson huquqlari va erkinliklariga nisbatan hurmat munosabatini shakllantirish, mamlakatning xalqaro maydondagi obro'sini yanada mustahkamlash, inson huquqlarini himoya qilish bo'yicha xalqaro standartlarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish, milliy qonunchilikni inson huquqlari sohasidagi halqaro-huquqiy standartlar bilan uyg'unlashtirish, shuningdek, inson huquqlari hamda manfaatlarini ta'minlashga qaratilgan siyosatni amalga oshirishda milliy va xalqaro tajriba almashinuvi muhim ahamiyatga egaligini ta'kidladi.

BMTning Yoshlar huquqlari bo'yicha xalqaro konventsiyasini ishlab chiqish hamda qabul qilish g'oyasi O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonidan 2017 yil 19 sentyabr` kuni BMTning 72-sessiyasida ilgari surilgan, deyiladi parliament.gov.uz xabarida.

Bu borada qabul qilingan “Yo'l xaritasi”ga ko'ra, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan bir qator davlat idoralari, O'zbekiston Yoshlar ittifoqi va nodavlat notijorat tashkilotlari vakillaridan iborat ishchi guruhi shakllantirilib, Konventsiya loyihasi ishlab chiqildi.

Konventsiya loyihasi BMTning O'zbekistondagi vakolatxonasiga ham yuborilib, olingan taklif va tavsiyalar natijasida qayta tayyorlandi. Shu bilan birga, hujjat keng xalqaro muhokama uchun taqdim etildi. Konventsiya loyihasining asosiy qoidalari va ahamiyatiga e'tibor qaratildi.

Tadbirda sayyoramizning bugungi yosh avlod vakillari davlat va jamiyatning har tomonlama qo'llab-quvvatlashi, yoshlarning rivojlanishiga qaratilgan muhim resurslar ajratilishi, inson huquqlari bilan bog'liq bo'lgan yoshlarga oid davlat siyosatining zamonaviy infratuzilmasi yaratilishidan manfaatdor ekani qayd etildi.

Ammo, majburiy xarakterga ega bo'lgan xalqaro hujjatning yo'qligi, yoshlarga oid davlat siyosatining zamonaviy qonunchilik bazasini shakllantirishni murakkablashtirmoqda.

Yoshga qarab aholining yoshlar qismiga kimlar mansubligini aniqlash bo'yicha xalqaro mezonlarni ishlab chiqish va buni yoshlarning huquqlari va ularni ta'minlash bo'yicha davlat majburiyatlarini belgilovchi xalqaro hujjatda belgilab qo'yish zarurati mavjud.

Shu kabi omillar inobatga olingan holda ishlab chiqilgan Konventsiyani qabul qilishdan muhim natijalar kutilmoqda.

Birinchidan, yoshlarning yoshga doir xususiyatlari belgilanadi. Yoshlar huquqlari bo'yicha qabul qilingan xalqaro hujjatlarni inobatga olgan holda, o'n to'rt yoshdan o'ttiz yoshgacha bo'lgan shaxslarni yoshlar deb belgilash taklif etiladi.

Ikkinchidan, davlatlarning yoshlarga oid siyosati sohasidagi xalqaro majburiyatlari ro'yxati belgilanadi.

Uchinchidan, Yoshlarni rivojlantirish masalalari, shuningdek milliy qonunchilikning o'zgarishiga ta'siri bo'yicha uzoq muddatli davlat dasturlari qabul qilinadi.

To'rtinchidan, eng muhimi, butun dunyodagi yoshlarni jamiyat hayotida to'liq, samarali va amaliy ishtirok etishlari uchun real imkoniyatlar yaratiladi.

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech