26 mart kuni O'zbekiston tashabbusi bilan Markaziy Osiyoda fuqaroligi bo'lmagan shaxslar sonini kamaytirish va unga barham berish masalalariga bag'ishlangan mintaqaviy davra suhbati bo'lib o'tadi.
Onlayn-muhokama O'zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlari va Prezident Shavkat Mirziyoevning BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashi 46-sessiyasida ilgari surgan tashabbuslarini amalga oshirish doirasida tashkil etilmoqda. Ushbu tadbirni o'tkazish zamirida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrishning fuqaroligi bo'lmagan insonlar sonini kamaytirishga qaratilgan chaqirig'ini qo'llab-quvvatlash maqsadi ham o'z mujassamini topgan.
Davra suhbatida O'zbekiston, Qozog'iston, Qirg'iziston, Tojikiston va Turkmanistonning fuqaroligi bo'lmagan shaxslar masalalari bilan shug'ullanadigan davlat organlari, jumladan, tashqi ishlar, ichki ishlar, adliya vazirliklari, migratsiya va registratsiya ishlari bo'yicha davlat xizmatlari, statistika qo'mitalari, shuningdek inson huquqlari bo'yicha milliy institutlar va mintaqaning tegishli fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirok etishi kutilmoqda.
Tadbirdan ko'zlangan asosiy maqsad fuqaroligi bo'lmagan shaxslar sonini kamaytirish va unga barham berish sohasidagi xalqaro standartlarni tahlil etishdan iborat. Shu bilan birga, "#IBelong" global kampaniyasi misolida Markaziy Osiyoda fuqarosizlik muammosiga barham berish borasida erishilgan yalpi ilg'or natijalarni baholash, Yuqori darajadagi segmentning fuqarosizlik masalalari bo'yicha faoliyati samaralarini tahlil qilish va mintaqa mamlakatlari bu borada zimmalariga olgan majburiyatlarning bajarilishi holatini ko'rib chiqish ko'zda tutilmoqda.
Davra suhbati doirasida ayni sohada mavjud ilg'or tajriba va muhim natijalarni o'zaro almashish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, fuqarosizlik muammosiga barham berish borasida mavjud bo'shliqlar, shu munosabat bilan qonunchilikka kiritiladigan zarur o'zgartirishlar, bugungi kun talabiga javob bermaydigan joriy amaliyot tizimini qayta ko'rib chiqish mo'ljallangan.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 24.03.2021
- Ko'rishlar: 4152
- Chop etish