Iroq OAV: Finlyandiya biznesining O'zbekiston bozoriga qiziqishi ortib bormoqda
BAG'DOD, 31-oktyabr. /"Dunyo" AA/. Iroqning ommabop "Agnaden" nashrida "O'zbekiston va Finlyandiya: texnologiyalar va ishonch asosidagi iqtisodiy hamkorlik" sarlavhali maqola e'lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Nashrda qayd etilganidek, O'zbekiston-Finlyandiya munosabatlarining tarixi 1990-yillar boshiga borib taqaladi. Finlyandiya 1991-yil 30-dekabrda O'zbekiston Respublikasining mustaqilligini birinchilardan bo'lib tan olgan. Oradan ikki oy o'tib, 1992-yil 26-fevralda ikki davlat o'rtasida diplomatik munosabatlar o'rnatilgan. Shu tariqa o'zaro hurmat, ishonch va texnologik taraqqiyotga intilishga asoslangan hamkorlikning yangi sahifasi ochilgan.
"Bugungi kunda O'zbekiston-Finlyandiya munosabatlarining shartnomaviy-huquqiy bazasini 8 ta amaldagi hujjat tashkil etadi, shundan 2 tasi davlatlararo, 6 tasi hukumatlararo bitimlardir, – deyilgan maqolada. – Ikki davlat o'rtasida yangi tashabbuslar ham ko'rib chiqilmoqda, jumladan, diplomatik pasport egalari uchun vizasiz rejimni joriy etish, atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida hamkorlik qilish bo'yicha turli loyihalar amalga oshirilmoqda".
Manbada ta'kidlanishicha, Finlyandiya O'zbekistonda nafaqat savdo, balki innovatsiya va investitsiyalar manbai sifatida e'tirof etiladi. Bugungi kunda mamlakatda 14 ta Finlyandiya kapitali ishtirokidagi korxona faoliyat yuritmoqda, shundan 4 tasi qo'shma, 10 tasi 100 foiz xorijiy kapitalga ega. Ular elektronika, dasturlash, energetika, qishloq xo'jaligi, oziq-ovqat, kimyo sanoati hamda telekommunikatsiya uskunalari ishlab chiqarish sohalarida faoliyat yuritadi.
Fin kompaniyalari qayta tiklanuvchi energiya, chiqindilarni qayta ishlash, ekologik qurilish, suv resurslaridan oqilona foydalanish va barqaror qishloq xo'jaligiga oid loyihalarga qiziqish bildirmoqda. O'zbekiston tomoni esa investorlar uchun soliq imtiyozlari, sanoat zonalari infratuzilmasi va 75 milliondan ortiq aholiga ega Markaziy Osiyo bozoriga kirish imkoniyatini taklif etmoqda.
Nashrda O'zbekiston va Finlyandiya o'rtasidagi iqtisodiy aloqalar to'g'risida ham so'z yuritilgan. "Jumladan, savdo ko'rsatkichlari so'nggi yillarda sezilarli o'sishni namoyish qilmoqda: 2020-yilda tovar aylanmasi 48,45 million AQSh dollarini tashkil etgan bo'lsa, 2024-yilga kelib bu ko'rsatkich 151,7 million dollarga yetib, 3,1 barobarga oshgan. Bu esa Finlyandiya biznesining O'zbekiston bozoriga qiziqishi ortib borayotganini ko'rsatadi", – deyilgan "Agnaden" maqolasida.
Ўзбекча
English
Русский