“Global harakatlarga yoshlarni jalb qilish” mavzusida yoshlar huquqlari bo'yicha butunjahon anjumani o'z ishini boshladi

2021 yil 12 avgust kuni “Global harakatlarga yoshlarni jalb qilish” mavzusida yoshlar huquqlari bo'yicha butunjahon anjumani o'z ishini boshladi.

Tadbir O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashining 46-sessiyasidagi nutqida ilgari surilgan va xalqaro hamjamiyat tomonidan qo'llab-quvvatlangan tashabbus asosida tashkil etilib, unda 30 dan ortiq xorijiy davlatlarning vakillari qatnashmoqda.

Konferentsiyada qutlov so'zi bilan O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbaeva ishtirok etdi.

Qayd etilganidek, davlatimizda yoshlar masalasi davlat siyosatining ustuvor yo'nalishi etib belgilangan. Mamlakatimizda keyingi 5 yilda yoshlar huquqlari va manfaatlarini ko'zlagan 50 dan ortiq qonunlar
va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan bo'lsa,  birinchisi aynan “Yoshlarga oid davlat siyosati to'g'risida”gi qonuni bo'lgan.  

Bundan tashqari O'zbekistonni rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishlari bo'yicha harakatlar strategiyasida yoshlar masalasiga alohida e'tibor qaratilgan.

Bugungi kunda Oliy Majlis palatalarida Yoshlar parlamentlari tashkil etilgan. Xalq deputatlari mahalliy Kengashlarida 260 nafardan ortiq yosh deputatlar faoliyat olib bormoqda.

Respublikamizda yoshlarni bilim olishi, madaniyat, san'at, sport, kitobxonlik va komp`yuter texnologiyalarini o'rganishga keng jalb qilish, ularning bandligini ta'minlash, tadbirkorligini qo'llab-quvvatlash bo'yicha yangi tizim yaratildi.

Shuningdek davlatimiz rahbari tomonidan Turkmanistonda bo'lib o'tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining uchinchi maslahat uchrashuvida yoshlar masalasiga alohida e'tibor qaratilib, kelgusi yili O'zbekistonda Markaziy Osiyo yoshlari forumini o'tkazish taklif etildi.

Tadbir ochilishida BMTning Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari M. Bachelet, Parlamentlararo Ittifoq Bosh kotibi M. Chungong va boshqa xalqaro tashkilotlarning rahbarlari so'zga chiqdi.

Ikki kun davom etadigan anjuman doirasida uchta yalpi majlis va paralel sessiyalar o'tkazilib, SOVID-19 pandemiyasi yoshlarning zaif guruhlariga ta'sir o'tkazayotgan hozirgi sharoitda navqiron avlodning o'z mamlakatlari rivojlanishidagi ishtiroki, yoshlarning sifatli ta'lim olish va ishlab chiqarishda band bo'lishga taalluqli imkoniyatlarini rag'batlantirish chora-tadbirlari, yigit-qizlarning o'z hayot tarziga ta'sir o'tkazadigan qarorlarni qabul qilishda qatnashishi kabi masalalar atroflicha ko'rib chiqiladi.

Shuningdek ishtirokchilar yoshlarning huquqlarini himoya qilish va qo'llab-quvvatlash uchun mavjud xalqaro mexanizmlarni takomillashtirish istiqbollarini muhokama qiladilar.

Tadbir yakunida Global harakatlarga yoshlarni jalb qilish bo'yicha deklaratsiya qabul qilish rejalashtirilgan.

Manba: senat.uz

Powered by GSpeech