Joriy yilning 26-27 aprel kunlari Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi eksperti Xorazm viloyatidagi oliy va o'rta-maxsus ta'lim muassasalarida bo'lib, “Inson huquqlari”, “Ayollar huquqlari” va “Bola huquqlari” fanlarini o'qitish sifati bo'yicha monitoring o'tkazdi.

2020 yil 22 iyunda qabul qilingan Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasini amalga oshirishga doir «yo'l xaritasi»ning 68-bandiga muvofiq respublikamizdagi bir qancha davlat ta'lim muassasalarida “Inson huquqlari”, “Ayollar huquqlari” va “Bola huquqlari” fanlarini o'qitish yo'lga qo'yildi. Bu orqali aholining, ayniqsa, bolalar va yoshlarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish, ta'lim muassasalarida inson huquqlariga oid bilimlar yanada chuqurroq o'qitilishini ta'minlash, pirovard natijada har bir shaxs inson huquqlariga ongli ravishda rioya etishiga erishish maqsadlari ko'zlangan.

Xorazm viloyatida monitoring nazoratini olib borgan Markaz eksperti – Inson huquqlari sohasida ta'lim va ma'rifat bo'limi boshlig'i Farhod Hayitboev viloyatdagi barcha oliy ta'lim muassasalarida, shuningdek Urganch davlat universiteti huzuridagi akademik litsey hamda Xiva qishloq xo'jalik texnikumida bo'lib, dars jarayonlari bilan yaqindan tanishdi, o'qituvchilar va talabalar bilan suhbatlashib, ta'lim sifatini oshirish bo'yicha zaruriy tavsiyalar berdi.

Urganch davlat universitetida monitoring o'tkazish asnosida universitet  axborot-resurs markaziga Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan  taqdim etilgan 16 nomdagi 50 dan ortiq kitoblar jamlanmasi ham topshirildi.

Urganch davlat universiteti huzuridagi akademik litseyda esa davra suhbati tashkil etildi. Unda talabalar huquqiy mavzuda o'zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob olishdi.

Shuningdek, monitoring davomida o'qituvchilar va talabalar o'rtasida inson huquqlari bo'yicha ta'lim jarayoniga oid so'rovnoma o'tkazildi. So'rovnoma natijalarini umumlashtirish va tahlil qilish orqali Xorazm viloyatida huquqiy fanlarning o'qitilishi bo'yicha muayyan xulosalar chiqariladi.

O'tkazilgan monitoring natijalari batafsil tahlil qilinib, tegishli tavsiyalar ishlab chiqilishi va ular viloyatdagi ta'lim muassasalariga yuborilishi rejalashtirilgan.

Azizbek RAMAZONOV,
“Demokratlashtirish va inson huquqlari”
jurnali mas'ul kotibi

Powered by GSpeech