Inson qadri yuksalgan yurt: dolzarb masala muhokamasi

18 avgust kuni Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasining navbatdagi yig'ilishi bo'lib o'tdi.

Majlisda odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish bo'yicha 2021 yilning olti oyida amalga oshirilgan ishlar, ko'rilgan choralar hamda ushbu yo'nalishlarda hamon yechimini kutayotgan muammolar muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, o'tgan davr mobaynida sohada milliy qonunchilik asoslarini takomillashtirish jarayoni izchil davom ettirildi. Xususan, 2 ta Qonun, Prezident Farmoni va Vazirlar Mahkamasi qarori qabul qilinib, amaliyotga tatbiq etildi. Xalqaro mehnat tashkilotining “Mehnat xavfsizligi va gigienasiga ko'maklashish asoslari to'g'risida”gi Konventsiyasi (Jeneva, 2006 yil 15 iyun) ratifikatsiya qilindi. O'zbekistonda ilk bor odam savdosidan jabrlangan yoki shundan aziyat chekdi deb taxmin qilinayotgan shaxslar taqdiriga tegishlicha e'tibor qaratish tizimi joriy qilindi.

Yig'ilishda odam savdosi jabrdiydalariga yordam ko'rsatish, ularni reabilitatsiya qilish, shuningdek, xorijdagi fuqarolarimiz manfaatlarini himoyalash masalalariga ham alohida to'xtalib o'tildi. Odam savdosidan jabrlangan, uzoq muddat xorijda bo'lib qaytgan va deportatsiya qilingan ayollarga har tomonlama yordam ko'rsatilgani ta'kidlandi.

E'tiborli jihati, mamlakatimizda odam savdosi, bolalar mehnati va majburiy mehnatga qarshi kurashish bo'yicha olib borilayotgan ishlar xalqaro hamjamiyat tomonidan keng e'tirof etilmoqda. Jumladan, Xalqaro mehnat tashkiloti, Xalqaro migratsiya tashkiloti, Jahon banki, Xalqaro moliya korporatsiyasi, Yevropa Ittifoqi, AQSH Davlat departamenti, Mehnat vazirligi ushbu yo'nalishdagi sa'y-harakatlarni munosib baholamoqda.

Tadbirda AQSH Davlat departamentining yillik hisobotidagi tavsiyalarni amaliyotga tatbiq etish masalalari ham muhokama qilinib, bu borada tegishli “Yo'l xaritasi” ishlab chiqishga kelishildi.

Shuningdek, odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurash bo'yicha o'z yechimini kutayotgan masalalarga e'tibor qaratildi. Ayrim mahalliy ijro hokimiyati organlari, vazirlik va idoralarning quyi tuzilmalari rahbarlari tomonidan majburiy mehnatga jalb qilish holatlari hali hamon kuzatilayotgani tanqid qilindi.

Misol uchun, hisobot davrida Mehnat inspektsiyasi tomonidan joylarda xodimlarni o'z funktsional vazifasiga kirmaydigan ishlarga jalb etish bo'yicha 41 ta holat aniqlangan. Sohalar kesimida aytganda, majburiy mehnat holatlarining aksariyati xalq ta'limi, bank-moliya, tibbiyot, transport va obodonlashtirish tarmoqlarida uchramoqda.

Yig'ilishda joriy yilgi paxta yig'im-terim mavsumida majburiy mehnatga yo'l qo'ymaslik, mehnat munosabatlarini to'g'ri rasmiylashtirish, terimchilar uchun munosib mehnat va dam olish sharoitlarini yaratish borasida amalga oshirilishi lozim bo'lgan masalalar ham muhokama qilindi.

Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari Akmal Saidov so'zga chiqdi va joylarda odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, mavjud kamchiliklar va ularni bartaraf etishning muhim jihatlari xususida o'z fikrlarini bildirdi.

Yig'ilishda mazkur masala bo'yicha hududiy komissiyalar hisobotlari eshitilib, muhokama etilgan masalalar yuzasidan Milliy komissiyaning tegishli qarori qabul qilindi.

Manba: parliament.gov.uz

Powered by GSpeech