JSST: bachadon bo‘yni saratoni dunyo bo‘yicha har ikki daqiqada bir ayolning hayotiga zomin bo‘lmoqda

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan e’lon qilingan yangi hisobotga ko‘ra, bachadon bo‘yni saratoni dunyo bo‘yicha har ikki daqiqada bir ayolning hayotiga zomin bo‘lmoqda.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ushbu kasallikka samarali profilaktika choralari orqali to‘liq barham berish mumkin. Buning uchun, avvalo, qizlarning kamida 90 foizi odam papilloma virusiga (OPV) qarshi to‘liq emlanishi, ayollarning 70 foizi muntazam skrining tekshiruvlaridan o‘tishi, shuningdek, saraton oldi holatlari aniqlangan xotin-qizlarni 90 foizgacha davolash qamrovi bilan ta’minlash zarur.

Ma’lumot uchun, bachadon bo‘yni saratoni xavfli o‘sma kasalligi bo‘lib, uning asosiy sababi jinsiy yo‘l orqali yuqadigan odam papilloma virusining xavfli turlari hisoblanadi. Kasallik dastlabki bosqichlarda deyarli belgilari sezilmasdan kechishi mumkin, bu esa uning kech aniqlanishiga sabab bo‘ladi.

Shu bois, PAP-test va OPV-test kabi skrining tekshiruvlari orqali kasallikni erta aniqlash, uni to‘liq davolash imkoniyatini oshiradi. Erta bosqichda tashxis qo‘yilgan hollarda bachadon bo‘yni saratoni to‘liq davolanishi mumkin.

Biroq JSST hisobotiga ko‘ra, ayrim past va o‘rta daromadli mamlakatlarda emlash va skrining imkoniyatlarining cheklangani sababli, ushbu kasallikdan o‘lim ko‘rsatkichi 94 foizgacha yetayotgani qayd etilgan.

Shuningdek, OIV infeksiyasi mavjud ayollarda bachadon bo‘yni saratoniga chalinish ehtimoli sog‘lom ayollarga nisbatan 6 barobar yuqori ekani ta’kidlanmoqda.

Mazkur muammoga jamoatchilik e’tiborini kuchaytirish maqsadida, har yili yanvar oyi butun dunyoda “Bachadon bo‘yni saratonidan xabardorlik oyi” sifatida nishonlanadi.

Hisobotda keltirilishicha, samarali natijaga erishish uchun hukumatlar emlash qamrovini kengaytirish, shuningdek, aholi uchun soddalashtirilgan va qulay skrining dasturlarini joriy etishlari lozim.

O‘zbekistonda 2019 yildan boshlab milliy emlash kalendariga bachadon bo‘yni saratoniga qarshi OPV vaksinasi kiritilgan. Hozirda har yili 350 ming nafardan ortiq 9 yoshli qizlar ushbu kasallikka qarshi emlanmoqda.

Mohigul Qosimova tayyorladi, O‘zA

Powered by GSpeech