YUNESKO veb-sahifasida bosh direktorning ta'lim masalalari bo'yicha o'rinbosari Stefaniya Djannini boshchiligidagi mazkur tashkilot delegatsiyasining Toshkentda bo'lib o'tgan yuqori darajadagi «Markaziy va Janubiy Osiyo: Mintaqaviy o'zaro bog'liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar» mavzusidagi xalqaro konferentsiyadagi ishtiroki yakunlariga bag'ishlangan maqola e'lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada qayd etilganidek, YUNESKO rahbarining o'rinbosari mamlakatimiz rahbariyatining ta'lim, ilm-fan, madaniyat va erkin ommaviy axborot vositalari tizimini yaxshilash bo'yicha aniq-ravshan qarashlari va sodiqligini olqishladi.
O'zbekistonda bo'lib o'tgan uchrashuvlar chog'ida YUNESKO delegatsiyasi respublikamizning kichik yoshdagi bolalarni tarbiyalash va ularga ta'lim berish, mamlakatda har bir bola uchun turli shakllarda tashkil etilgan ta'lim sifatini ta'minlash sohalarida erishgan muvaffaqiyatlarini yuqori baholadi. Shuningdek, Stefaniya Djannini chet davlatlarda pedagog xodimlar, tadqiqotchilar va talabalarning chegaralararo mobilligi masalasini siyosiy va amaliy jihatdan uyg'unlashtirish imkoniyatlarini yaratishga xizmat qiladigan Tokio konventsiyasini imzolashni taklif etdi.
Yuqoridagilar bilan birga, Toshkentda Maxatma Gandi nomidagi tinchlik va barqaror rivojlanish manfaatlaridagi ta'lim bo'yicha YUNESKO instituti (Hindiston) bilan o'zaro hamkorlikni yo'lga qo'yish istiqbollari ham muhokama etildi.
Manba: "Dunyo" AA
- Qo'shildi: 05.08.2021
- Ko'rishlar: 3918
- Chop etish