Inson huquqlari sohasidagi ta’lim milliy dasturi, inson huquqlari sohasidagi ta’lim bo‘yicha oliy o‘quv yurtlari konsorsiumlari, ushbu yo‘nalishda ilmiy izlanishlarni rag‘batlantirish kabi masalalarga doir dolzarb mavzular Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan xalqaro konferensiyaning diqqat markazida turibdi.
2021 yil 10-11 dekabr kunlari oflayn va onlayn shaklda tashkil etilgan ushbu anjuman Xalqaro inson huquqlari kuniga bag‘ishlangan. Nufuzli tadbir BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi hamda YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi ofisi bilan hamkorlikda o‘tkazilmoqda.
Forum ishtirokchilari BMTning Inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiya to‘g‘risidagi deklaratsiyasining 10 yilligi samaralarini muhokama qilmoqdalar. Shuningdek, BMTning Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturi doirasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar sarhisob qilinmoqda.
“Inson huquqlari sohasidagi ta’lim: xalqaro tajriba va milliy amaliyot” mavzusidagi xalqaro konferensiyaning ikkita yalpi majlisi va sho‘ba yig‘ilishlarida inson huquqlari bo‘yicha ekspertlardan qariyb 30 nafari qatnashmoqda. Asosiy e’tibor yoshlarning inson huquqlari sohasidagi bilimlarini oshirish va ayni yo‘nalishda pedagoglar kasbiy tayyorgarligiga qaratilgan.
Xalqaro anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboeva, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov, Parlamentlararo Ittifoq Bosh kotibi Martin Chungong, YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi direktori Mateo Mikkachi, YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi elchi Per fon Arks, BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi rahbari Rishard Komenda va boshqa nufuzli notiqlar so‘zga chiqdilar.
Konferensiya ishida, shuningdek, BMT tizimidagi tuzilmalar, YeXHT, Yevropa Kengashi, Xalqaro mehnat tashkiloti, Xalqaro migratsiya tashkiloti, YuNESKO, USAID, Konrad Adenauer fondi, Fridrix Ebert fondi, Turkiya Hamkorlik va muvofiqlashtirish bo‘yicha agentligi (TIKA) rahbarlari, diplomatik korpus, inson huquqlari bo‘yicha xorijiy va milliy institutlar vakillari, fuqarolik jamiyati faollari, olimlar va inson huquqlari sohasidagi ta’lim mutaxassislari ishtirok etmoqda.
Xalqaro anjumanda Inson huquqlari sohasidagi ta’lim milliy dasturi va uni amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” matnlari ham ko‘rib chiqilmoqda. Ushbu ikki hujjat loyihasi keng jamoatchilik muhokamasi uchun Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi rasmiy saytiga joylashtirilgan.
Jamoatchilik muhokamalari 15 dekabrgacha davom etadi. Takliflar info@nhrc.uz. elektron pochtasi orqali qabul qilinmoqda.
Shuni ham ta’kidlash joizki, xalqaro konferensiya bir qator muhim sanalar – Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining 25 yilligi hamda BMT Inson huquqlari bo‘yicha ta’lim va tarbiya to‘g‘risidagi deklaratsiyasi qabul qilinganining 10 yilligiga bag‘ishlanadi.
Anjumanning rasmiy ochilishi doirasida joriy yilgi “Inson huquqlari himoyasi uchun” ko‘krak nishoni sovrindorlarini taqdirlash tantanali marosimi bo‘ldi. Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori A.Saidov mukofotlarni tantanali ravishda o‘z egalariga topshirdi.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markaziga 25 yilligi munosabati bilan – xalqaro hamkorlar, o‘z navbatida, Milliy markaz – xalqaro hamkorlarga Inson huquqlari kuni bilan esdalik sovg‘alari taqdim etdi.
Xalqaro konferensiya o‘z ishini sho‘balarda davom ettirmoqda.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 11.12.2021
- Ko'rishlar: 3404
- Chop etish