Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining yangi nashri

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi “Adolat” milliy huquqiy axborot markazi bilan hamkorlikda Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi matnini o‘zbek tilida (kiril va lotin imlosida) hamda qoraqalpoq tilida alohida kitobchalar shaklida yangidan nashr etdi. Bu insoniyat tarixida ilk bor insonning asosiy huquqlarini himoya qilish zarurligini e’lon qilgan ushbu Deklaratsiya 75 yilligiga mo‘jaz tuhfadir.

Ma’lumki, joriy yil 10 dekabr kuni Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 75 yilligi keng nishonlanadi. Deklaratsiya yubileyi arafasidagi global ko‘lamli tadbirlarga 2022 yil 10 dekabr – Xalqaro inson huquqlari kuni start berildi.

Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi insonlarning barchasiga birdek tegishli bo‘lgan huquqlarini o‘z ichiga olgan. Ushbu xalqaro hujjat shu kungacha dunyoning 530 dan ortiq tiliga tarjima qilingan.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tashabbusi bilan ushbu Deklaratsiya o‘zbek va qoraqalpoq tillariga tarjima qilingan va bir necha marta nashr etilgan. Yangi nashr ham mamlakatimizdagi kutubxonalarga beg‘araz tarqatiladi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech