O‘zbekiston delegatsiyasi IHT Komissiyasining 21-sessiyasida ishtirok etmoqda

21 may kuni Jidda shahrida Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) Inson huquqlari bo‘yicha mustaqil doimiy komissiyasining 21-sessiyasi boshlandi. Sessiyada “Tadbirkorlik va inson huquqlari: IHT mamlakatlari uchun normativ-huquqiy baza va yo‘riqnomalar” mavzuida muhokamalar bo‘lib o‘tmoqda.

 Tadbirdan ko‘zlangan maqsad IHT mamlakatlari doirasida biznes tuzilmalari tomonidan inson huquqlarini qo‘llab-quvvatlash va himoya qilish masalalarini muhokama qilish va tajriba almashish, shuningdek, BMTning Biznes va inson huquqlari bo‘yicha yetakchi tamoyillarini samarali amalga oshirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishdan iboratdir.

Muhokamalarda IHT Inson huquqlari bo‘yicha mustaqil doimiy komissiyasi a’zolari, Marokash va Ozarbayjon Ombudsmanlari, IHTga a’zo mamlakatlar inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlari, adliya va tashqi ishlar vazirliklari, Saudiya Arabistoni davlat organlari va biznes tuzilmalari vakillari, shuningdek, BMTTD, IHT, Xalqaro islom fiqh akademiyasi xalqaro ekspertlari qatnashmoqda.

 Sessiya ishida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi o‘rinbosari M.Tillaboev va O‘zbekistonning Ar-Riyoddagi elchixonasi birinchi kotibi S.Nabievdan iborat O‘zbekiston delegatsiyasi ishtirok etmoqda.

Ochilish marosimida IHT Bosh kotibi Husayn Ibrohim Taha hamda IHT Inson huquqlari bo‘yicha mustaqil doimiy komissiyasi raisi elchi Muhammad Sulaymon Laval so‘zga chiqib, milliy va xalqaro boshqaruv tizimida transmilliy korporatsiyalar va biznes tuzilmalarining ortib borayotgan rolini hisobga olgan holda, sessiya davomida ijtimoiy, siyosiy, ekologik, huquqiy va boshqa turli sohalarga taalluqli mavzularning muhokama etilishi muhimligini ta’kidladilar.

 Tadbirkorlik faoliyati butun dunyo bo‘ylab millionlab insonlar hayotida o‘z aksini topayotgani qayd etildi. Hatto kichik korxonalarda ham qit’alarni qamrab oladigan qiymat zanjirlari mavjud. Tadbirkorlik faoliyati nafaqat mijozlar, xodimlar va ta’minot zanjiri pudratchilariga, balki butun jamoalarga va atrof-muhitga ta’sir qiladi.

Bu masalalar ko‘pincha murakkab va bir-biriga zid bo‘lib, BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun muhim bo‘lgan masalalarni yaxlit muhokama qilishni talab etadi. Islomning asosiy tamoyillari muvaffaqiyatli va barqaror iqtisodiy faoliyat uchun yuqori axloqiy me’yorlarni saqlashni taqozo etadi.

Sessiya uchta sho‘bada o‘z ishini davom ettirdi. Sho‘ba yig‘ilishlarida “Biznesda inson huquqlarini himoya qilishning islomiy va institutsiyaviy asoslari”; “Biznesda inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha harakatlar va strategiyalar”; Inson huquqlari normalariga rioya qilish va uni takomillashtirishda tadbirkorlik tuzilmalarining roli” mavzulari ko‘rib chiqilmoqda.

 Bugungi kunda xalqaro hamjamiyat tomonidan tadbirkorlik faoliyati jabhasida inson huquqlariga rioya etilishiga katta e’tibor qaratilmoqda. Xususan, 2011 yilda qabul qilingan BMTning Biznes va inson huquqlari bo‘yicha yetakchi tamoyillarida davlatlar va biznes tuzilmalari, korporatsiyalar uchun tadbirkorlik faoliyati natijasida yuzaga keladigan inson huquqlariga oid salbiy oqibatlarning oldini olish, yumshatish va bartaraf etish muhimligi nazarda tutilgan.

Ayni paytda yer yuzidagi ko‘pgina dolzarb muammolar iqlim o‘zgarishi va ekologik muammolar, o‘sib borayotgan tengsizlik va qashshoqlik, korrupsiya va noqonuniy migratsiyaning sabab va oqibatlaridir. O‘z navbatida, koronavirus pandemiyasining inson huquqlari va iqtisodiyot bilan bog‘liq oqibatlari hukumatlar va biznes sohasining barqaror inson huquqlari yondashuviga asoslangan ko‘p tomonlama hamkorlik va sa’y-harakatlarga qo‘shilishi zarurligini ko‘rsatdi.

 Sessiya asnosida Yangi O‘zbekistonda Taraqqiyot strategiyasi izchil amalga oshirilayotgani va konstitutsiyaviy referendum yakunlari haqida atroflicha axborot taqdim etildi. Shuningdek, O‘zbekistonda qulay sarmoyaviy va ishbilarmonlik muhitini yaratish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, mulkdorlar huquqlarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Mamlakatimizda Biznes-ombudsman samarali faoliyat olib borayotgani, “Tadbirkorlar kuni” belgilangani, tadbirkorlik va inson huquqlari sohasida Milliy harakatlar rejasi hamda tadbirkorlar uchun inson huquqlari bo‘yicha ta’lim dasturi loyihalari tayyorlanayotgani singari amaliy chora-tadbirlarga oid dalillar ham sessiya ahlini befarq qoldirmadi.

Sessiyaning birinchi ish kuni IHT Inson huquqlari bo‘yicha mustaqil doimiy komissiyasi va Marokash Ombudsmani o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Ma’lumki, 2022 yilda IHT Inson huquqlari bo‘yicha mustaqil doimiy komissiyasi va Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi o‘rtasida ham shunday memorandum tuzilgan. Bundan tashqari, hozirgi kunga qadar IHT Komissiyasi bilan Saudiya Arabistoni, Turkiya va Ozarbayjonning inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlari o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumlari imzolangan.

 Sessiya ishi 25 maygacha davom etadi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech