Jiddadagi seminarda O‘zbekistonda xotin-qizlarning konstitutsiyaviy huquqlarini mustahkamlash amaliyoti haqida so‘z bordi

O‘zbekiston vakillari Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) tomonidan “Ayollarning ta’lim olish huquqi: muammolar va kelgusidagi harakatlar” mavzusida o‘tkazigan xalqaro seminari ishida ishtirok etdi. Xaqaro anjuman 25 may kuni Saudiya Arabistonining Jidda shahrida bo‘lib o‘tdi.

Seminar Islom hamkorlik tashkiloti Inson huquqlari bo‘yicha mustaqil doimiy komissiyasining 21-sessiyasi doirasida tashkil etildi.

Seminardan ko‘zlangan maqsad – ayollarning ta’lim olish huquqini amalga oshirish bo‘yicha ilg‘or tajribalarni almashish, shuningdek, mavjud muammolarni muhokama qilish va IHT mamlakatlarida, ayniqsa, Afg‘onistonda xotin-qizlarning ta’lim olish imkoniyatlarini yaxshilash bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.

Tadbirda IHT Inson huquqlari bo‘yicha mustaqil doimiy komissiyasi a’zolari, IHT davlatlarining inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlari va ixtisoslashtirilgan tashkilotlari namoyandalari, BMT, IHT Kotibiyati, ISESCO xalqaro ekspertlari, Saudiya Arabistoni xotin-qizlar tashkilotlari va ta’lim muassasalari vakillari ishtirok etdi.

Xalqaro seminarda ishida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi o‘rinbosari M.Tillaboev va O‘zbekistonning Jidda shahridagi Bosh konsulligi xodimi U.O‘zganovdan iborat O‘zbekiston delegatsiyasi qatnashdi.

O‘zbekistonning yangi tahrirdagi Konstitutsiyasi qabul qilingani, unda xotin-qizlar huquqlarining konstitutsiyaviy kafolatlari keng  ko‘amda mustahkamlangani aks etgan ma’lumotlar seminar ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi.

O‘zbekistonda qizlarning oliy ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirish, ayollar huquqlari sohasida xalqaro standartlarni joriy etish, xususan, Inson huquqlari bo‘yicha milliy ta’lim dasturini amalga oshirish, xotin-qizlar huquqlari bo‘yicha o‘quv kurslarini joriy etish hamda gender tengligini ta’minlash borasida amaga oshirilayotgan ishlar haqida ham atroflicha axborot taqdim etildi.

Jahon statistik ma’lumotlariga ko‘ra, IHT davlatlarining uchdan ikki qismida oliy ta’lim muassasalarida o‘qiyotgan xotin-qizlar soni erkaklarga qaraganda kamchilikni tashkil etadi. Seminarda ta’kidlanganidek, 2016 yilda Ayollar taraqqiyoti bo‘yicha harakatlar rejasi va IHTning Inson huquqlari bo‘yicha Qohira deklaratsiyasida davlatlarning barcha darajalarda barcha xotin-qizlar uchun teng imkoniyatlarni ta’minlash majburiyati ko‘zda tutigan bo‘lib, ushbu majburiyatlarni tizimli ravishda amalga oshirish zarurati belgilangan.

Afg‘onistonda ayollarning ta’lim olishi taqiqlangani bilan bog‘liq holatni qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha xalqaro sa’y-harakatlarni qat’iyat bilan ilgari surish zarurligi ta’kidlandi.

Seminarda xotin-qizlarni ta’limning barcha darajalarida o‘qitish imkoniyatlarini kengaytirish muhimligi qayd etildi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech