«Konstitutsiya – xalqchil davlat,

barqaror taraqqiyot va farovon hayot asosi!»

 

Mamlakatimizning barcha hududlarida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuniga bag‘ishlangan bayram tadbirlari qizg‘in ruhda o‘tkazilmoqda. Bayramni munosib kutib olish  bo‘yicha tashkiliy-amaliy hamda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni samarali tashkil etishda davlatimiz rahbarining 2023 yil 16 noyabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi farmoyishi dasturilamal bo‘lmoqda.

Mazkur Farmoyish bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuniga bag‘ishlangan bayram tadbirlariga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish dasturida tuman va shahar markazlarida, jumladan, Toshkent shahrining Sayilgoh ko‘chasida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuniga bag‘ishlab "Konstitutsiya ko‘chasi"ni tashkil etish belgilangani alohida diqqatga sazovor. Chunki bunday zamonaviy tadbirlar, bir tomondan, yangi tahrirdagi Asosiy Qonunimizning targ‘ibotida xalqchillikni ta’minlashga xizmat qilsa, ikkinchi tomondan, mamlakatimiz ayni sohada ham dunyoning ilg‘or davlatlari bilan hamqadamligidan dalolat beradi.

Sayyoramizdagi turli mamlakatlar shaharlari me’moriy qiyofasida Konstitutsiya  mavzusi  alohida o‘rin egallaganini  kuzatish  mumkin. Avvalambor, ko‘plab markaziy ko‘cha  va  maydonlar Konstitutsiya  nomi bilan atalgani diqqatga loyiq.

Akademik Akmal Saidovning “O‘zbekiston Konstitutsiyasi tarixi” kitobida qayd etilganidek, Gresiya va Chilida, Varshava, Mexiko,  Montivideo, Lyuksemburg, Malaga, shuningdek, Peruning Vankuver  shaharlarida Konstitutsiya maydoni bor. Ispaniya, Rossiya, Ruminiya, Polsha, Ukraina mamlakatlari hamda Buenos-Ayres va Ottava  shaharlarida  esa Konstitutsiya xiyoboni mavjud.

Qolaversa, Belgiya, Buyuk Britaniya, Chexiya, Fransiya, Ispaniyada, Litva  poytaxti – Vilnyus va  Qozog‘iston poytaxti – Ostonada  ko‘chalar  Konstitutsiya nomi bilan atalgan. Bir qancha mamlakatlarda  Konstitutsiyaga bag‘ishlab muhtasham me’moriy obidalar, ulug‘vor  monumentlar  tiklangan.

Shu ma’noda, bayram munosabati bilan yurtimizning tuman va shahar markazlarida tashkil etiladigan har bitta "Konstitutsiya ko‘chasi"da aholiga turli sayyor xizmatlar  ko‘rsatish, bepul huquqiy yordam va maslahat berish, ko‘ngilochar va sovrinli tadbirlar tashkil qilishga alohida e’tibor qaratilayotgani muhim.

Shuningdek, Bosh Qomusimizning aholi barcha qatlamlariga yetib borishini ta’minlash maqsadida yangi tahrirdagi Konstitutsiya kitobi bir necha tillarda, hatto nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun brayl alifbosida ham chop etilgani g‘oyat ahamiyatlidir.  

Bu haqda so‘z borganda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 7 fevraldagi qarori ijrosi doirasida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “Konstitutsiya va inson huquqlariga oid adabiyotlar burchagi” tashkil etilganini alohida ta’kidlash lozim.

O‘tgan qisqa davrda xuddi shunday huquqiy ma’rifat maydonchalari Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlar Axborot-kutubxona markazlarida ham ochildi. Ularga tegishli ilmiy-huquqiy adabiyotlar beg‘araz taqdim etildi. 

Ishonchimiz komilki, qutlug‘ bayram kunlari joylarda “Konstitutsiya — xalqchil davlat, barqaror taraqqiyot va farovon hayot asosi!” degan bosh g‘oyani o‘zida mujassam etadigan ma’rifiy tadbirlarni o‘tkazishda ana shu kitoblar ham muhim amaliy ahamiyat kasb etadi.

Muxtasar aytganda, 2023 yil 30 aprel kuni bo‘lib o‘tgan umumxalq referendumida yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini xalqimiz o‘zining yuksak siyosiy ongi, huquqiy madaniyati va dunyoqarashini namoyon etgan holda qabul qildi. Shunday ekan, yangilangan Asosiy Qonunimiz davlatchilik, ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va sud-huquq sohalarini bundan keyin ham barqaror rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratganidan har qaysi zamondoshimiz faxru iftixor etishi tabiiydir.

 

Otabek FOZILOV,

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bo‘lim boshlig‘i

Powered by GSpeech