Inson huquqlarini ta’minlash – ijtimoiy adolatning asosiy sharti

Mamlakatimizda "Inson qadri uchun" degan ezgu g‘oyani to‘liq ro‘yobga chiqarish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Joriy yilda yangilangan Bosh qomusimizda ham inson qadr-qimmati, sha’ni va manfaatlari eng ustuvor darajaga ko‘tarildi. “Inson qadri va manfaatlari uchun” degan ezgu g‘oya asosida demokratiya va adolat tamoyillarini mustahkamlashga qaratilgan tub islohotlar yo‘lidan borilayotgani e’tiborga molik. Zero, inson qadri ulug‘lanayotgan mamlakatimizda barcha insonlarning huquq va manfaatlari birdek ta’minlanishi dolzarb ahamiyatga ega.

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti tomonidan o‘tkazilgan "Inson huquqlarini ta’minlash – ijtimoiy adolat barqarorligining asosiy sharti sifatida" mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada shular xususida so‘z bordi.    

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 75 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida"gi qarorida belgilangan yo‘nalishlar ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan anjumanda Konstitutsiyamizda demokratik jamiyatning oliy qadriyatlari – inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlar ekanligi ta’minlangani e’tirof etildi.  

Shuningdek, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, uning tamoyillari va jamiyat uchun ahamiyati haqida xabardorlikni oshirishga qaratilgan ta’lim platformasini yaratish, xalqaro huquqning inson huquqlariga oid umume’tirof etilgan prinsiplarining ahamiyatini tahlil qilish, dunyoning turli mamlakatlarida inson huquqlariga rioya etilishining holatini ko‘rib chiqish, muvaffaqiyatli xorijiy amaliyotni aniqlash kabi masalalar muhokama qilindi.  

Tadbirda JIDU professorlari N.Nugmanov, Isa Hamidov va boshqalar so‘zga chiqib, so‘nggi yillarda inson huquq va erkinliklari sohasidagi xalqaro standartlarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish, davlat organlari faoliyatiga tizimli va bosqichma-bosqich joriy etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganini qayd etdi.  

Ta’kidlanganidek, inson huquqlari va erkinliklari kafolatlarini kuchaytirish hamda qonun ustuvorligini ta’minlash, shuningdek, jamiyat va har bir fuqaro hayotiga ularni tatbiq etish Yangi O‘zbekistonning ichki va tashqi siyosatida markaziy o‘rinni egallab kelmoqda. O‘zbekiston Respublikasining inson huquqlari sohasida zimmasiga olgan xalqaro majburiyatlarini samarali bajarishga qaratilgan Inson huquqlari bo‘yicha Milliy strategiyasida belgilangan vazifalarning izchil amalga oshirilayotgani uning xalqaro maydondagi obro‘si yanada mustahkamlanishiga hamda mamlakatimizda inson huquqlari va erkinliklariga hurmat munosabati shakllanishiga xizmat qilmoqda.  

Shuningdek, ayollar, bolalar, yoshlar va nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini himoya qilish hamda ijtimoiy adolat tamoyillariga konstitutsiyaviy maqom berilgani, majburiy mehnat va bolalar mehnatiga barham berish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani alohida e’tirof etildi.  

Tadbirda aytib o‘tilganidek, konferensiya yakunlari bo‘yicha xalqaro tezislar to‘plami nashr qilinadi.  

 

Muhtarama Komilova,  

O‘zA

Powered by GSpeech