Ozarbayjonning Huquq va inson huquqlari instituti rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazildi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov rahbarligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi Boku shahrida xizmat safarida bo‘lib turibdi. Delegatsiya a’zolari 2024 yil 24 yanvar kuni ochilgan “Ozarbayjon Respublikasida O‘zbekiston fani va madaniyati kunlari” doirasidagi madaniy-ma’rifiy tadbirlarda ishtirok etmoqda.

O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari A.Saidov 25 yanvar kuni Ozarbayjonning Huquq va inson huquqlari institutiga tashrif buyurdi. Bu yerda tomonlar o‘rtasida samimiy va amaliy muloqot bo‘lib o‘tdi.

Huquq va inson huquqlari instituti Ozarbayjon Respublikasi Prezidentining 1998 yil 30 noyabrdagi Farmoyishi asosida dastlab “Inson huquqlari bo‘yicha ilmiy-tadqiqot instituti” degan nom bilan tashkil etilgan. Mamlakat rahbarining 2016 yil 26 maydagi Farmoyishi bilan “Huquq va inson huquqlari instituti” deya qayta nomlangan.

Bugungi kunda Ozarbayjon Huquq va inson huquqlari instituti huquqning turli sohalari, jumladan, inson huquqlari va erkinliklari yo‘nalishida ilmiy tadqiqotlar olib boradi. Shu bilan bir qatorda, bu borada ilmiy-amaliy tavsiyalar tayyorlashni tashkil etish bilan shug‘ullanmoqda.

Huquq va inson huquqlari instituti faoliyati sohasiga inson huquqlari bo‘yicha ta’limni rivojlantirish, milliy qonunchilikni takomillashtirishga ko‘maklashish, normativ-huquqiy tartibga solish jarayonlari ta’sirini baholab borish vazifalari ham kiradi. Institut, shuningdek, davlat tashkilotlari va muassasalari xodimlarining inson huquqlari sohasidagi bilimi, ko‘nikma va tajribasini oshirish, mamlakatda ijtimoiy-siyosiy tafakkur hamda huquqiy madaniyatni yuksaltirish masalalariga ham mas’ul hisoblanadi.

Institut rahbariyati bilan suhbat davomida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan Ozarbayjonning Huquq va inson huquqlari instituti o‘rtasida o‘zaro hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Hamkorlik memorandumi loyihasini kelgusida tasdiqlash uchun tayyorlash haqida kelishib olindi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech