29-aprel kuni G.V.Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetining Toshkent shahridagi filialida shu munosabat bilan tantanali tadbir o‘tkazildi.
Mazkur oliy o‘quv yurti O‘zbekistonda ochilgan ilk xorijiy universitet bo‘lib, bugungi kunda mamlakatimizdagi yetakchi ta’lim va ilm-ma’rifat markazlaridan biri hisoblanadi. Rossiya iqtisodiyot universitetining Toshkent filiali 30-yil ichida raqobatbardosh mutaxassislarni tayyorlash uchun mustahkam platformaga aylandi.
Ushbu oliy ta’lim maskanida o‘tgan davrda minglab yuqori malakali mutaxassislar yetishib chiqdi. Ular iqtisodiyotning turli sohalarida ishlamoqda va tadbirkorlik rivojiga munosib hissa qo‘shmoqda.
Yubiley doirasidagi eng muhim voqealardan biri – bu yerda sun’iy intellekt sohasidagi ilg‘or muhandislik maktabi ochildi. Shuningdek, 29–30-aprel kunlari “Iqtisodiyotda sun’iy intellekt: bank-moliya sohasi tahlili” mavzusida davra suhbati, IKT sohasida yosh mutaxassislar uchun raqamli ko‘nikmalarni shakllantirish bo‘yicha mahorat darsi o‘tkaziladi.
Bundan tashqari, “Raqamli iqtisodiyotning global ekotizimlari: ta’limdagi yangi trendlar va zamonaviy chaqiriqlar” mavzusida ilmiy konferensiya bo‘lib o‘tadi. Ushbu anjumanlar «Raqamli muhit» loyihasi doirasidagi ta’lim auditoriyalari va markazlar taqdimotiga ulanib ketadi.
Filial olimlarining ilmiy yutuqlari va yaqinda chop etilgan kitoblar ko‘rgazmasi, “Birja-ekspert” va “Iqtisodiyot va muhandislik” ilmiy-ommabop jurnallarining maxsus sonlari taqdimoti tashkil etiladi. Mazkur davriy nashrlarda yetakchi olimlar, tizim rahbarlari, ish beruvchilar va mashhur bitiruvchilarning maqolalari chop etilgan.
Rahbarlik lavozimlarida muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgan bitiruvchilar bilan uchrashuvlar, shaxmat musobaqalari, yoshlar tashabbuslari doirasida turli interaktiv tadbirlar o‘tkaziladi. Soha ekspertlarining ma’ruzalari tinglanadi.
Tantanali tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov, Rossiya Federatsiyasi Fan va oliy ta’lim vaziri o‘rinbosari Konstantin Mogilevskiy, G.V.Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universiteti Toshkent filiali direktori, akademik Qalandar Abdurahmonov so‘zga chiqdi.
Tadbirda, shuningdek, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, akademik Akmal Saidov ishtirok etdi.
Ma’lumki, akademik A.Saidov ko‘p yillardan buyon Rossiya iqtisodiyot universiteti Toshkent filiali talabalari bilan muntazam uchrashib keladi. Taniqli olim ushbu oliy ta’lim maskani olimlari bilan hamkorlikda tayyorlangan bir qator ilmiy nashrlarning hammuallifi ham hisoblanadi. Akademik A.Saidov 2023-yilda ushbu nufuzli oliy o‘quv yurtining "Faxriy professori" unvoni bilan taqdirlangan.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 29.04.2025
- Ko'rishlar: 232
- Chop etish