Farg‘onada 24-25-aprel kunlari "Istanbul protokoliga muvofiq qiynoq va shafqatsiz munosabatda bo‘lishning sud-tibbiy hujjatlashtirish" mavzusida ikki kunlik trening o‘tkazildi.
Mazkur trening Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, YEXHTning O‘zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti va Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi hamkorligida tashkil etildi.
Treningda Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti tibbiyot mutaxassislari hamda Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi sud-tibbiy ekspertlari ishtirok etdi. Ularga Istanbul protokoliga muvofiq qiynoqlar va shafqatsiz muomalani samarali hujjatlashtirish sohasidagi xalqaro standartlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Tadbirning ochilishida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori A.Saidov, YEXHTning O‘zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi elchi A.Karttunen, qamoqxona islohoti va inson huquqlari bo‘yicha xalqaro maslahatchi, IPPF xalqaro penitensiar jamg‘armasining MDH mamlakatlari bo‘yicha vakili A.Shambilov (Ispaniya), sud tibbiyoti professori, Tbilisi davlat tibbiyot universiteti sud tibbiyoti kafedrasi mudiri R.Beriashvili (Gruziya), Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi Farg‘ona filiali direktori o‘rinbosari B.Siddiqov, shuningdek, Farg‘ona shahridagi 10-sonli tergov hibsxonasining tartib va qo‘riqlash bo‘limi boshlig‘i so‘zga chiqdi.
Ta’kidlanganidek, mazkur trening BMT Qiynoqlarga qarshi konvensiyasining 40-yilligini nishonlash doirasida tashkil etilmoqda. O‘zbekistonda YEXHT ko‘magida 2020-2024-yillarda qiynoqlar va shafqatsiz muomala holatlarini samarali hujjatlashtirish bo‘yicha 10 dan ortiq o‘quv seminar o‘tkazildi.
Shuningdek, O‘zbekiston jazoni ijro etish tizimini insonparvarlashtirish, xalqaro standartlarni faol joriy etish va qamoqda saqlash sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha qonunlar qabul qilish borasida sezilarli yutuqlarga erishgani ta’kidlandi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida qiynoqlar va shafqatsiz muomala har qanday holatda, hech qanday istisnosiz mutlaqo taqiqlangan, bu esa mamlakatning insonning asosiy huquqlariga sodiqligini tasdiqlaydi.
Ikki kunlik trening ishtirokchilariga ushbu sohadagi xalqaro standartlar va milliy amaliyot haqida keng qamrovli ma’lumot berildi. Ishtirokchilar qiynoqlarning oldini olish masalalarini tartibga soluvchi asosiy xalqaro hujjatlar, xususan, Istanbul protokoli bilan tanishdilar. Istanbul protokolining asosiy tamoyillari, mazmuni va qoidalari batafsil ko‘rib chiqildi.
O‘zbekistonning inson huquqlari sohasidagi milliy qonunchiligining o‘ziga xos xususiyatlari, ayniqsa qiynoqlarning oldini olish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Ishtirokchilar xalqaro va milliy miqyosda qiynoqlarning oldini olishga qaratilgan turli mexanizmlar haqida ma’lumot oldilar. Qiynoqlar va shafqatsiz munosabatni hujjatlashtirish usullari va vositalari, jumladan, jabrlanuvchilarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va psixologik qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.
Qiynoqlarga duchor bo‘lgan shaxslarga tibbiy yordam ko‘rsatish, qiynoqlarni hujjatlashtirish va oldini olish jarayonida tibbiyot xodimlarining roli masalalari chuqur tahlil etildi. Ishtirokchilar xalqaro va milliy miqyosda qiynoqlarning oldini olishga qaratilgan turli mexanizmlar haqida zarur tushunchalarga ega bo‘ldi.
Trening O‘zbekistonda qiynoqlarni hujjatlashtirish tizimini takomillashtirish bo‘yicha keyingi qadamlarni muhokama qilish bilan yakunlandi. Ishtirokchilar muhokama qilingan masalalar bo‘yicha kelgusida o‘zaro hamkorlik qilish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdilar.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 01.05.2025
- Ko'rishlar: 137
- Chop etish