Zamonaviy dunyoda inson huquqlarini himoya qilish: O‘zbekiston va Rossiya tajribasi

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida "Zamonaviy dunyoda inson huquqlarini himoya qilish: O‘zbekiston va Rossiya tajribasi" mavzusida huquqiy kollokvium bo‘lib o‘tdi.

Ushbu tadbir Rossiya Federatsiyasi Inson huquqlari bo‘yicha vakili, MDH Inson huquqlari bo‘yicha komissiyasi raisi Tatyana Moskalkovaning mamlakatimizga tashrifi doirasida tashkil etildi.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik Akmal Saidov tadbirni ochar ekan, Tatyana Moskalkova rahbarligidagi Rossiya Federatsiyasi Inson huquqlari bo‘yicha vakili delegatsiyasi a’zolarini va boshqa ishtirokchilarni samimiy qutladi.

Ushbu huquqiy kollokvium joriy yilda BMT tashkil etilganining 80 yilligi, shuningdek, EXHTning Xelsinki bitimi 50 yilligi nishonlanayotgan muhim davrda o‘tkazilayotgani bilan g‘oyat ahamiyatli ekanini ta’kidladi. Shuningdek, 30 iyul sanasi butun dunyoda – Xalqaro do‘stlik kuni hisoblansa, mamlakatimizda Xalqlar do‘stligi kuni sifatida keng nishonlanadi.

Bugungi kunning muammolari – iqlim o‘zgarishi, oziq-ovqat va energetika xavfsizligi, tarif urushlari, noqonuniy migratsiya, ijtimoiy tengsizlik kabi masalalar kuchlarni birlashtirish zarurligini taqozo etmoqda. Faqat birgalikda harakat qilsakkina, bu tahdidlarga samarali qarshi tura olamiz.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori qayd etganidek, xalqaro vaziyat tobora murakkablashib, beqarorlik darajasi oshib borayotgan hozirgi kunda inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar dunyoning ko‘plab mamlakatlarida inson huquqlarini himoya qilish milliy tizimining majburiy unsurlariga aylangan. Bunda ushbu institutlarning haqiqiy kuchi va samaradorligi ularning huquqiy maqomiga bevosita bog‘liq ekani sir emas.

Bugungi kunda dunyoning 150 davlatida qariyb 200 ta inson huquqlari bo‘yicha milliy institut tashkil etilgan. Shuningdek, 140 mamlakatda mingdan ortiq ombudsman institutlari faoliyat yuritmoqda. Shuni ta’kidlash joizki, barcha mamlakatlar uchun yagona milliy institut modeli mavjud emas. Har bir mamlakat boshqa davlatlar tajribasidan foydalanishi mumkin, binobarin, bunday institutlar milliy hamda mahalliy madaniy va huquqiy an’analarni inobatga olgan holda tashkil etiladi.

O‘zbekiston Markaziy Osiyo davlatlari orasida birinchi bo‘lib inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar tizimini yaratdi. Bu tizimga Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) va Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani), Prezident huzuridagi Tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil instituti hamda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi kiradi.

O‘zbekistonning inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar tajribasi xalqaro hamjamiyat va ilmiy doiralar tomonidan ijobiy baholanib, turli mamlakatlarda o‘rganish uchun qiziqish uyg‘otmoqda. Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Konstitutsiyasining 56-moddasida belgilanganidek, inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar inson huquq va erkinliklarini himoya qilishning mavjud shakllari hamda vositalarini to‘ldiradi, fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga va inson huquqlari madaniyatini yuksaltirishga ko‘maklashadi. Davlat inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar faoliyatini tashkil etish uchun zarur shart-sharoitlar yaratadi.

Rossiya Federatsiyasi Inson huquqlari bo‘yicha vakili, MDH Inson huquqlari bo‘yicha komissiyasi raisi Tatyana Moskalkova Milliy markaz rahbariyatiga huquqiy kollokviumda ma’ruza bilan ishtirok etish imkoniyati yaratilgani uchun minnatdorchilik bildirdi. Inson huquqlari bo‘yicha vakillik instituti Rossiya Federatsiyasida inson huquqlarini himoya qilishning eng yosh va jadal rivojlanayotgan demokratik institutlaridan biri ekaniga e’tibor qaratdi.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, 2019 yildan boshlab Rossiya Federatsiyasining Inson huquqlari bo‘yicha vakili va Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.

Memorandum doirasida tomonlar fuqarolar huquqlarini himoya qilish, ma’lumot almashish, inson huquqlariga oid tadbirlarni o‘tkazish va ularda ishtirok etish masalalarida faol hamkorlik qilmoqda.

Inson huquqlari bo‘yicha Samarqand forumida Rossiya vakillarining ishtiroki yaxshi an’anaga aylangan. Pandemiya davrida ikki mamlakat inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarining o‘zaro hamkorligi tufayli fuqarolarni vataniga qaytarish va ularning hujjatlarini tiklashda yordam ko‘rsatildi.  

Muvaffaqiyatli hamkorlikning natijasi o‘laroq, Tatyana Moskalkova birinchilardan bo‘lib O‘zbekistonning inson huquqlari sohasidagi yuksak mukofoti –  Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ta’sis etilgan "Inson huquqlari himoyasi uchun" ko‘krak nishoniga sazovor bo‘ldi.

Tadbir davomida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi ijrosi doirasida erishilgan yutuqlar haqida so‘z yuritildi. Inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi milliy tajriba, inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar faoliyatini yanada rivojlantirish istiqbollari, sohaga oid qonunchilikdagi yangiliklar va O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Huquqiy kollokvium yakunida Rossiya Federatsiyasining Inson huquqlari bo‘yicha vakili, MDH Inson huquqlari bo‘yicha komissiyasi raisi Tatyana Moskalkova Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining o‘tgan yil oxirida ochilgan “Inson huquqlari uyi” faoliyati bilan yaqindan tanishdi va noyob kartina sovg‘a qildi. O‘z navbatida, mehmonga inson huquqlari bo‘yicha yangi nashr etilgan kitoblar taqdim etildi.

N.Abduraimova, O.Pardayev (surat), O‘zA

Powered by GSpeech