29-iyul kuni BMTning Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha-Ayollar mintaqaviy byurosi BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasiga a’zo davlatlar-uchun strategik norasmiy-virtual brifing o‘tkazdi. Tadbir Pekin deklaratsiyasi va Harakatlar platformasining 30-yilligini global nishonlash doirasida tashkil etildi.
Brifingda asosiy e’tibor Pekin+30 kun tartibiga kiritiladigan va har bir mamlakatning ustuvor yo‘nalishlariga mos keladigan bir yoki ikkita milliy tashabbusni muhokama qilish va belgilab olish masalasiga qaratildi. Ushbu tashabbuslar Harakatlar platformasining 30-yillik sharhi natijalariga ko‘ra aniqlangan oltita ustuvor yo‘nalish, ya’ni:
-
raqamli transformatsiya;
-
qashshoqlikdan xalos bo‘lish;
-
zo‘ravonliksiz hayot;
-
qarorlar qabul qilishda to‘liq va teng ishtirok etish;
-
tinchlik va xavfsizlik;
-
iqlim adolati yo‘nalishlari doirasida tanlanishi lozim.
Mamlakatlarning yakuniy majburiyatlari keyingi mintaqaviy tadbirlarda taqdim etiladi va 2025-yil 22-sentyabrda BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasi doirasida bo‘lib o‘tadigan Pekin+30 yuqori darajali uchrashuvida rasman e’lon qilinadi.
Brifingda Albaniya, O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Moldova, Shvetsiya, Shimoliy Makedoniya va Ukraina ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha Pekin platformasini amalga oshirish yuzasidan o‘z yondashuvlari va muvaffaqiyatli tajribalarini taqdim etdi.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori o‘rinbosari D. Muratova O‘zbekistonning gender tenglik sohasidagi yutuqlari haqida ma’ruza qildi.
Brifing Pekin+30 arafasida BMT-Ayollar tashkiloti tomonidan tashkil etilgan mintaqaviy maslahatlashuvlar turkumining bir qismi bo‘ldi. Ushbu maslahatlashuvlar siyosiy irodani kuchaytirish, davlatlar, BMT agentliklari va fuqarolik jamiyati o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, 2025-yil mart oyida Xotin-qizlar ahvoli bo‘yicha komissiyaning 69-sessiyasida taqdim etilgan Pekin+30 kun tartibi doirasidagi harakatlarni muvofiqlashtirish maqsadida o‘tkazildi.
Ma’lumki, 1995-yilda qabul qilingan va 189 mamlakat tomonidan qo‘llab-quvvatlangan Pekin deklaratsiyasi va Harakatlar platformasi xotin-qizlar huquqlari bo‘yicha eng keng qamrovli xalqaro hujjat bo‘lib qolmoqda. U ayollar va qizlar hayotining barcha jabhalariga taalluqli 12 ta muhim sohani qamrab olgan bo‘lib, Barqaror rivojlanish maqsadlarini (BRM) amalga oshirish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.
Pekin+30 kun tartibi 159 a’zo davlatning milliy ma’ruzalari, shuningdek, xalqaro va milliy hamkorlar bilan maslahatlashuvlarga asoslangan. Kun tartibi nafaqat Pekin platformasini amalga oshirishni jadallashtirishga, balki BRM, Kelajak uchun pakt va boshqa asosiy global tashabbuslarni ilgari surishga qaratilgan.
Sessiya yakunida BMT-Ayollar tashkiloti davlatlarni oltita ustuvor yo‘nalish bo‘yicha Pekin+30 doirasida taqdim etishga tayyor bo‘lgan ixtiyoriy majburiyatlarini belgilashga chaqirdi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 30.07.2025
- Ko'rishlar: 296
- Chop etish