Kasbiy ta’lim tashkilotlari o‘qituvchilari uchun seminar-treninglar tashkil etildi
2025-yil 3-7-noyabr kunlari Toshkent shahrining Turin politexnika universitetida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 7-fevraldagi PQ-46-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturining 20 bandi – migrantlar huquqlari bo‘yicha davlat organlari va tashkilotlari xodimlari uchun o‘quv kurslari tashkil qilish vazifasini amalga oshirish maqsadida kasbiy ta’lim tashkilotlari o‘qituvchilari uchun seminar-trening o‘tkazildi.
Seminar-trening Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Xalqaro migratsiya tashkiloti (IOM) hamkorligida tashkil etildi.
Seminar-trening maqsadi – O‘zbekistonda mehnat migratsiyasi jarayonida ishtirok etuvchi fuqarolarning kasbiy malakasini oshirish, xalqaro mehnat bozori talablariga javob beradigan zamonaviy ko‘nikmalarni shakllantirish hamda kasbiy ta’lim tizimini mustahkamlashga qaratilgan.
Tadbirda respublikaning turli hududlaridan kelgan kasbiy ta’lim tashkilotlari mutaxassislari va pedagog kadrlari ishtirok etdi. Ular o‘quv jarayoniga innovatsion yondashuvlarni joriy etish, ishlab chiqarish amaliyotiga integratsiya masalalari bilan yaqindan tanishdilar.
Shuningdek, tadbir doirasida, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi xodimi S. Bozorov tomonidan “Migratsiya va inson huquqlari” mavzusida ma’ruza bilan shtirok etib, mehnat migrantlarining huquqiy himoyasi, xalqaro standartlar va milliy qonunchilik doirasida inson huquqlarini ta’minlashning dolzarb jihatlarini yoritib berdi. Shuningdek, ishtirokchilarga mehnat migrantlari bilan ishlashda inson huquqlari asosida yondashuvni amalga oshirish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar va yangi o‘quv modullarini joylarda tatbiq etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi. Mazkur tashabbus O‘zbekistonda kasbiy ta’lim tizimi sifatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatish, yoshlar va mehnat muhojirlari bandligini mustahkamlash, inson huquqlarini himoya qilish hamda xalqaro hamkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biridir.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
Ўзбекча
English
Русский