Fan va inson huquqlariga bag‘ishlangan uchrashuv

Butunjahon fan kuni har yili 10-noyabrda YUNESKO tashabbusi bilan nishonlanib, fanning tinchlik, taraqqiyot va inson huquqlarini ta’minlashdagi muhim o‘rnini yoritishga xizmat qiladi. Joriy yilda ushbu xalqaro sana “Ishonch, transformatsiya va ertaga: 2050-yil uchun bizga kerak bo‘lgan fan” mavzusiga bag‘ishlanib, dunyo ilm-fani oldida turgan dolzarb vazifalarni belgilab olishda muhim ahamiyat kasb etdi.

20-noyabr kungi tadbir ham aynan Butunjahon fan haftaligi doirasida o‘tkazildi. Unda Toshkent davlat yuridik universitetining jinoiy odil sudlov yo‘nalishi 2-bosqich talabalari uchun “Fan va inson huquqlari uyg‘unligi: barqaror kelajak sari” mavzusida davra suhbati tashkil qilindi.

Ochiq muloqot fan va inson huquqlarining dolzarb mavzularga bag‘ishlangan ilmiy-ma’rifiy muhokama uchun muhim platforma sifatida yosh olimlar va talabalarni birlashtirdi. Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tayanch doktorantlari hamda Universitet faol talabalari ishtirok etgan davra suhbatida ilm-fanning jamiyat hayotidagi o‘rni, inson huquqlarining kafolatlanishi, yosh olimlarning ilmiy salohiyati va innovatsion izlanishlarning ahamiyati muhokama qilindi.

Milliy markaz tayanch doktoranti Xolmuhammad Abdurasulov “Inson huquqlari ta’limi sohasida davlat organlarining o‘zaro hamkorligi” mavzusida ma’ruza qildi. Bunda tinglovchilarga inson huquqlari bo‘yicha ta’limni rivojlantirishda davlat idoralari, ta’lim muassasalari va fuqarolik jamiyati institutlarining o‘zaro hamkorlik mexanizmlari haqida batafsil tushunchalar berildi.

Shuningdek, Milliy markaz tayanch doktoranti Nafisa Osmonovaning “Ayollar huquqlari va ijtimoiy barqarorlik: fan va inklyuziv taraqqiyot o‘rtasidagi bog‘liqlik” mavzusidagi ma’ruzasida gender tenglikni ta’minlashda fan yondashuvlarining o‘rni, inklyuziv taraqqiyotning ahamiyati va ijtimoiy barqarorlikka ta’sir etuvchi omillar haqida so‘z yuritildi.

Davra suhbati davomida yosh tadqiqotchilar ilmiy faoliyatni qo‘llab-quvvatlashning zamonaviy mexanizmlari, xalqaro ilmiy hamkorlikning yangi yo‘nalishlari, YUNESKOning 43-sessiyasida ilgari surilgan tashabbuslarning milliy amaliyotga tatbiq etilishi, inson huquqlari va ilm-fan taraqqiyoti masalalari borasidagi tadqiqot xulosalari bilan o‘rtoqlashdilar.

Tadbir savol-javob va bahs-munozaralarga boy bo‘ldi. Uchrashuv yakunida yosh olimlar talabalarning mavzu yuzasidan berilgan qiziqarli savollariga batafsil javob qaytardi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech