O‘zbekiston delegatsiyasi Ibero-Amerika tarmog‘i faoliyati bilan tanishdi

16-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasining Ispaniyaga amaliy tashrifi davomida Iber Red (IberRed) xalqaro-huquqiy hamkorlik tarmog‘ining oliy organi bo‘lgan Ibero-Amerika mamlakatlari adliya vazirlari konferensiyasining (COMJIB) Ispaniyadagi vakillari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Uchrashuvda IberRed tarmog‘ining Ispaniyadagi bo‘linmasi boshlig‘i Xose Ramon ushbu tuzilmaning faoliyati, maqsad va vazifalari haqida batafsil taqdimot o‘tkazdi. IberRed Ibero-Amerika mamlakatlari o‘rtasida fuqarolik va jinoyat ishlari bo‘yicha xalqaro-huquqiy hamkorlikni ta’minlashga qaratilgan muhim platforma ekani ta’kidlandi.

O‘z navbatida, mamlakatimiz delegatsiyasi rahbari – Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori o‘rinbosari D.Muratova O‘zbekistonda so‘nggi yillarda amalga oshirilgan keng ko‘lamli sud-huquq yangilanishlari, xususan, konstitutsiyaviy islohotlar haqida ma’lumot berdi.

Mamlakatimizda  inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilishga qaratilgan chora-tadbirlarning kuchaytirilgani, sud-huquq tizimining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash bo‘yicha qilinayotgan ishlarni alohida ta’kidlandi. Shuningdek, O‘zbekistonning xalqaro huquqiy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan sa’y-harakatlari haqida so‘z yuritildi.

Tomonlar kelgusidagi hamkorlik yo‘nalishlarini keng muhokama qildilar. Xususan, huquqiy sohada tajriba almashish, o‘quv-seminarlar tashkil etish, xalqaro-huquqiy yordam ko‘rsatish mexanizmlarini yanada takomillashtirish kabi masalalar atroflicha ko‘rib chiqildi.

Uchrashuv konstruktiv va ijobiy ruhda o‘tdi. Tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlashga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Mazkur uchrashuv O‘zbekiston va Iber Red o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar rivojiga, shuningdek, xalqaro-huquqiy hamkorlikning yangi bosqichga ko‘tarilishiga muhim hissa qo‘shadi.

Ma’lumot uchun: Xalqaro-huquqiy hamkorlikning Ibero-Amerika tarmog‘i (IberRed) adliya vazirliklari, prokuraturalar va sud organlarining markaziy organlari va aloqa punktlarini, shuningdek, Ibero-Amerika millatlar hamjamiyatiga kiruvchi 22 mamlakatning shunga o‘xshash muassasalarini va Puerto-Riko Oliy sudini birlashtirgan tuzilmadir. Uning asosiy maqsadi – fuqarolik va jinoiy huquqiy yordam ko‘rsatish mexanizmlarini optimallashtirish hamda markaziy organlar va aloqa punktlari o‘rtasidagi rasmiy va norasmiy o‘zaro aloqalar orqali a’zo mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashdan iborat.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech