Yangi qonun nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish ko‘lamini kengaytirishga qaratilgan
18-dekabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n ikkinchi yalpi majlisi o‘z ishini boshladi. Unda, jumladan, “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun qizg‘in muhokama qilindi.
Senatning Axborot xizmati axborotida qayd etilganidek, muhokama jarayonida mamlakatimizda ijtimoiy himoya sohasida, ayniqsa, nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash va ularga qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish maqsadida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi. Xususan, so‘nggi vaqtlarda nogironligi bo‘lgan bolalarga ko‘rsatilayotgan ijtimoiy xizmatlar doirasi tobora kengayib bormoqda hamda aholining ijtimoiy ehtiyojmand ayrim toifalari huquqlarining kafolatlari kuchaytirilmoqda.
Mazkur qonun bilan nogironligi bo‘lgan bolalarga ko‘rsatiladigan kunduzgi parvarish xizmatidan foydalanadigan ota-ona tomonidan har bir farzand uchun to‘lanadigan oyiga 3 million so‘mgacha bo‘lgan to‘lovlar soliq solinmaydigan daromadlar toifasiga kiritilishi belgilanmoqda.
Bundan tashqari, davlat-xususiy sheriklik asosida uch yoshdan o‘n sakkiz yoshgacha nogironligi bo‘lgan bolalar uchun bunday xizmatlarni ko‘rsatuvchi tadbirkorlik subyektlari ham barcha turdagi soliqlarni 2030 yil 1 yanvarga qadar to‘lashdan ozod qilinishi nazarda tutilmoqda, ijtimoiy soliq bundan mustasno.
Shuningdek, jamoat transportidan bepul foydalanuvchi fuqarolar toifasi ham kengaymoqda.
Senatorlar o‘z chiqishlarida tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan, tegishli bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan xotin-qizlarni yo‘llanma bo‘yicha davlat tashkilotlariga ishga joylashtirish belgilanayotganini alohida ta’kidladi.
Muhokama jarayonida ushbu qonun nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish ko‘lamining kengayishiga, aholining ijtimoiy ehtiyojmand ayrim toifalariga qo‘shimcha qulayliklar yaratilishiga hamda ularning ishga joylashishga doir huquqlari kafolatlanishiga xizmat qilishi qayd etildi. Senatorlar qonunni ma’qulladi.
19-dekabrda Oliy Majlis Senatining o‘n ikkinchi yalpi majlisi o‘z ishini davom ettiradi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
Ўзбекча
English
Русский