“Inson huquqlari va erkinliklari sohasida ta’lim va innovatsiyalar” milliy tanlovi g‘oliblari taqdirlandi

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida “Inson huquqlari va erkinliklari sohasida ta’lim va innovatsiyalar” milliy tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Ushbu tadbir Konstitutsiyaning 33 yilligi, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 77 yilligi va 10 dekabr – Xalqaro inson huquqlari kuni munosabati bilan e’lon qilingan “Inson huquqlari o‘n kunligi” doirasida o‘tkazildi.

Tadbirda inson qadri, uning huquq va erkinliklarini yuksak qadrlash g‘oyasiga bag‘ishlangan islohotlar nafaqat samarali, balki keng qamrovli va izchilligi bilan ham alohida ahamiyat kasb etayotgani qayd etildi.

Prezidentimizning 2023 yil 7 fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturi va uni amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” doirasida “Inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi ta’lim va innovatsiyalar” milliy tanlovini tashkil etish vazifasi belgilangan.

Joriy yilda tanlovning 6 nominatsiyasi bo‘yicha 176 nafar iqtidorli, tashabbuskor va faol ishtirokchi o‘z ilmiy-ijodiy ishlari, loyihalari va ilg‘or g‘oyalarini taqdim etdi.

Nizomga ko‘ra, agar ma’lum bir nominatsiya bo‘yicha 3 yoki undan kam ariza kelib tushgan bo‘lsa, o‘sha nominatsiyada tanlov o‘tkazilmaydi. Shu sababli, “Inson huquqlari va erkinliklariga bag‘ishlangan eng yaxshi o‘quv adabiyotlari: bosma va elektron o‘quv adabiyoti” hamda “Inson huquqlari bo‘yicha eng yaxshi o‘quv kursi” nominatsiyalari bo‘yicha g‘oliblarni aniqlash masalasi ko‘rib chiqilmadi.

Tanlovga inson huquqlarining dolzarb masalalariga bag‘ishlangan 70 dan ortiq ilmiy va ommabop maqola, 15 ilmiy-innovatsion loyiha, 20 dan ziyod videorolik, shuningdek, bir qator o‘quv adabiyotlari kelib tushgan. Bu, shubhasiz, yurtimizda inson huquqlarini hurmat qilish, targ‘ib etish va o‘sib kelayotgan avlod ongida insonparvarlik qadriyatlarini mustahkamlash yo‘lida amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlarning yana bir yorqin namunasidir.

Har bir ish mutaxassislardan iborat hakamlar hay’ati tomonidan sinchiklab ko‘rildi va xolisona baholandi. Eng munosib ishlar tanlov g‘olibligiga tavsiya qilindi.

“Inson huquqlari bo‘yicha eng yaxshi bilimdon” nominatsiyasi ikki bosqichda o‘tkazildi. Birinchi bosqichda ishtirokchilar bilim darajasini test sinovlari orqali namoyon etgan bo‘lsa, saralashda eng yuqori natijalarni qo‘lga kiritganlar suhbat jarayoniga taklif etildi. Bu bosqichda ular ekspertlar tomonidan berilgan inson huquqlarining turli sohalariga oid savollarga atroflicha javob berdi.

Tanlov g‘oliblariga tashkilotchilarning qimmatbaho sovg‘alari va maxsus diplomlar taqdim etildi. Tanlovni tashkil qilishda samarali ko‘magi uchun hamkor vazirlik va idoralar vakillariga tashakkurnomalar topshirildi.  

N.Abduraimova, O‘zA

Powered by GSpeech