Milliy markazda O‘zbekistonning xorijdagi elchilari bilan uchrashuv bo‘ldi

2021 yil 21 dekabr kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida mamlakatimizning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov va O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Farxod Arziev so‘zga chiqdi.

Tadbirda O‘zbekistonning BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashiga a’zoligi doirasida joriy yilda amalga oshirilgan ishlar, mamlakatimizning xalqaro majburiyatlaridan kelib chiqadigan vazifalar ijrosi muhokama qilindi. Shuningdek, kirib kelayotgan 2022 yilda inson huquqlari sohasida amalga oshirilishi rejalashtirilgan xalqaro ahamiyatga molik tadbirlar haqida so‘z yuritildi.

Yangi O‘zbekiston xalqaro tashkilotlarning oliy darajadagi minbarlaridan demokratik islohotlar va inson huquqlari sohasida qator taklif va tashabbuslar bilan maydonga chiqmoqda. Xususan:

- Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining Barqaror taraqqiyot maqsadlariga erishish va inson huquqlarini ta’minlashda parlamentlar rolini oshirish to‘g‘risidagi maxsus rezolyusiyasini qabul qilish;

- Samarqand shahrida muntazam o‘tkazilayotgan Inson huquqlari muloqotlari doirasida Global ta’lim forumini tashkil etish;

- Birlashgan Millatlar Tashkilotining yangi ekologik siyosati asoslarini tashkil etishga qaratilgan Butunjahon ekologiya Xartiyasini ishlab chiqish;

- yoshlar masalasida samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida doimiy faoliyat yuritadigan Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari yoshlari kengashini tuzish;

- O‘zbekistonda Markaziy Osiyo yoshlari forumini o‘tkazish;

- Imkoniyati cheklangan shaxslarning o‘z qobiliyatini to‘la ro‘yobga chiqarish masalalari bo‘yicha Mintaqaviy kengash tuzish;

- BMTning Yoshlar huquqlari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi institutini ta’sis etish;

- Sudyalar kengashlari faoliyatining universal prinsiplarini ishlab chiqish;

- Osiyo qit’asining inson huquqlari bo‘yicha mintaqaviy mexanizmini yaratish kabi dolzarb masalalar doirasida izchil ish olib borilmoqda.

Muhokamalar davomida O‘zbekistonda inson huquqlarini rivojlantirish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar mazmun-mohiyati hamda bu boradagi salmoqli yutuqlar bilan xorijiy mamlakatlar jamoatchiligini muntazam tanishtirib borish mavzusiga e’tibor qaratildi. Yangi O‘zbekistonning inson huquqlari sohasidagi siyosatini o‘ziga xos mintaqaviy va xalqaro model sifatida talqin hamda targ‘ib etishda mamlakatimiz elchixonalarining o‘rni muhim ekani alohida ta’kidlandi.

Tadbir yakunida mamlakatimiz elchilarining O‘zbekistonning inson huquqlari sohasidagi xalqaro tashabbuslarini amalga oshirish, chet eldagi vatandoshlarimizning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, mamlakatimizning xorijiy davlatlar bilan inson huquqlari sohasidagi aloqalarini rivojlantirish yo‘lidagi samarali va faol hamkorligi e’tirof etildi.

Shu munosabat bilan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan mamlakatimizning AQSh, Avstriya, Belgiya, Buyuk Britaniya, Malayziya, Polsha, Rossiya davlatlaridagi hamda BMTning Jeneva shahridagi va YuNESKO huzuridagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlariga tashakkurnomalar taqdim etildi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech