O‘zbekiston — Germaniya: parlamentlararo aloqalar yanada rivojlanadi

Mamlakatimizda so‘nggi yillarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev rahbarligida xorijiy va qo‘shni davlatlar bilan o‘zaro manfaatli va amaliy ruhdagi tashqi siyosat yuritish, do‘stona munosabatlarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ushbu yo‘nalishda olib borilayotgan keng ko‘lamli va izchil islohotlar natijasida nafaqat Markaziy Osiyo, balki iqtisodiy jihatdan yetakchi davlatlar bilan ham teng manfaatli hamorlik yuqori pog‘onaga ko‘tarilmoqda.

Yangi O‘zbekistonning Yevropa davlatlariga yangi eshiklari ochildi. Mazkur mintaqa bilan butunlay o‘zgacha, konstruktiv munosabatlar boshlandi. Parlamentlararo aloqalar ham mustahkamlanib bormoqda.

2022 yil 7 yanvar kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov Germaniya Federativ Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Tilo Klinner bilan uchrashdi.

Muloqot avvalida A.Saidov T.Klinnerni elchi etib tayinlangani bilan qutlab, mas’uliyatli va sharafli diplomatik missiyani amalga oshirishida unga muvaffaqiyat tiladi.

Mehmonga yurtimizda keyingi yillarda barcha sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar xususida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, Oliy Majlisning qonunchilik faoliyati, norma ijodkorligi, fraksiyalar, qo‘mitalar va komissiyalar ish uslublari hamda parlamentarizm sohasidagi yangiliklar haqida axborotlar taqdim etildi.

Uchrashuvda ikki mamlakat parlamentlari o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish, parlamentlar qoshidagi ilmiy-tadqiqot institutlari o‘rtasida aloqalarni o‘rnatish masalalari muhokama qilindi.

O‘z navbatida Tilo Klinner samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, O‘zbekiston-Germaniya aloqalari xususan, parlamentlararo munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqishda bor imkoniyatini ishga solishini aytib o‘tdi.

Muloqot yakunida O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, parlamentlararo aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha aniq takliflar bildirildi.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi rasmiy sayti

 

Powered by GSpeech