Hamkorlik rishtalari yanada yaxshilanadi

O‘zbekiston taraqqiyotining yangi bosqichida faol va har tomonlama manfaatli tashqi siyosat islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.

2022 yil 11 yanvar kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOISA)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori Sundjin Pak bilan uchrashdi.

Suhbat avvalida A. Saidov mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik aloqalari izchillik kasb etib borayotganini ta’kidlab, O‘zbekiston Prezidentining 2021 yil 16 dekabr kuni Koreya Respublikasiga amalga oshirgan davlat tashrifi va muzokaralar davomida erishligan kelishuvlar mazkur munosabatlarning yangi ufqlarni ochib berganini e’tirof etdi. Ushbu tashrif istiqbolda ishonchli sherikchilik rishtalarini yangi formatda mustahkamlash uchun qulay fursat bo‘lganini bildirdi.

Mezbon tomonidan koronavirus pandemiyasi sharoitida bemorlarni samarali davolash, reabilitatsiya qilishda O‘zbekistonga ko‘rsatilgan amaliy ko‘mak uchun Koreya Respublikasi xalqiga alohida minnatdorlik bildirildi.

Muloqotda O‘zbekiston va Koreyaning do‘stona aloqalari, avvaldan taraqqiy etgan savdo-sotiq munosabatlari, bu boradagi ishlar hozirda barcha sohalarda juda yuqori darajada tashkil qilinayotgani yuqori baholandi.

Muzokaralar chog‘ida tomonlar ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini yanada taraqqiy ettirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdi. 

Uchrashuvda tomonlar hamkorlik rishtalarini yangi bosqichga olib chiqishga kelishib oldilar.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi rasmiy sayti.

 

Powered by GSpeech