Gollandiyalik jurnalist, yozuvchi va tarixnavis Remko Reyding nomi yurtdoshlarimizga yaxshi tanish hamda juda qadrlidir. Chunki u Ikkinchi jahon urushi davrida Smolenskdagi qaqshatqich janglarda mardlarcha kurashgan va asirga olinib, fashistlarning Gollandiyadagi “Amersfort” konslageriga tashlangan 101 nafar o‘zbek askarining achchiq qismati haqida birinchilardan bo‘lib bong urgan fidoyi ijodkor hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov uchrashuv chog‘ida qattol urushning o‘zbekistonlik 101 nafar qahramoni va qurboni taqdirini chuqur o‘rgangani hamda ana shu qayg‘uli va ibratli voqea tafsilotlari haqida alohida kitob yozgani uchun Remko Reydingga chuqur minnatdorchilik izhor etdi.
2022 yil 30 yanvar kuni Bryussel shahrida bo‘lib o‘tgan ushbu muloqot asnosida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan 2020 yili Toshkent shahrida ochilgan “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasi tarkibida 101 nafar o‘zbek jangchisi xotirasiga bag‘ishlab “Konslager” yodgorligi bunyod etilgani ta’kidlandi. Shuningdek, “Shon-sharaf” davlat muzeyida ayni mavzuni yoritishga qaratilgan maxsus pavilon ishlab turibdi.
G‘alabaning 75 yilligi arafasida o‘zbek kinoijodkorlari tomonidan millatimizning go‘zal siyratini, azaliy odobi va insonparvarlik fazilatlarini teran ochib beradigan ushbu hayotiy qissa asosida “101” nomli badiiy film tasvirga olingan. Bu haqda kitoblar chop etilmoqda, ommaviy axborot vositalarida atroflicha ma’lumotlar e’lon qilinmoqda.
Remko Reyding hozirgi vaqtda Gollandiyaning “Sovet jangchilari shon-shuhrati maydoni” jamg‘armasi boshqaruvi raisi lavozimida ishlayotganini qayd etdi. Ushbu nomdagi yodgorlik majmuasi Amersfort shahrining “Rastxof” qabristoniga tutash hududda joylshgan bo‘lib, bu yerda 865 nafar sovet askari, jumladan, 101 nafar o‘zbek jangchisi dafn etilgan.
R.Reyding ana shu qurbonlarning shaxsini aniqlashtirish uchun 20 yildan buyon izchil izlanishlar olib bormoqda. Uning aytishicha, bu yerda xoklari ko‘milgan 101 nafar o‘zbek jangchisi 1941 yilda asirga olingan va 1942 yil 8 aprelda qatl etilgan. “Sovet jangchilari shon-shuhrati maydoni” jamg‘armasi har yili shu qayg‘uli sanada sobiq “Amersfort” konslagerining yurtdoshlarimiz otib tashlangan maydonida xotira tadbiri o‘tkazib keladi.
Joriy yilda ana shu mash’um sanaga 80 yil to‘ladi. Shu munosabat bilan R.Reyding bu galgi xotira tadbiriga O‘zbekiston vakillarini ham taklif etdi.
Tomonlar muhokama qilingan masalalar bo‘yicha o‘zaro kelishib oldilar. R.Reydingning O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish masalasi ham ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunida akademik A.Saidov Remko Reydingga o‘zining “G‘alaba bog‘i falsafasi” kitobini taqdim etdi.
Ma’lumot uchun: A.Saidov 2022 yil 29 yanvar kuni Bryusselda o‘z ishini boshlagan «O‘zbekiston – Yevropa Ittifoqi» Parlament hamkorligi qo‘mitasining 15-yig‘ilishida ishtirok etayotgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi delegatsiyasiga rahbarlik qilmoqda. Ushbu yig‘ilish joriy yilning 2 fevraligacha davom etadi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 31.01.2022
- Ko'rishlar: 2537
- Chop etish