Bryusselda Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi e’tirof etilmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov rahbarligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi Bryusselda bo‘lib o‘tayotgan «O‘zbekiston – Yevropa Ittifoqi» Parlament hamkorligi qo‘mitasining 15-yig‘ilishida ishtirok etmoqda.

2022 yil 30 yanvar kuni O‘zbekiston parlamenti delegatsiyasi rahbari A.Saidov Yevropa ommaviy axborot vositalari va madaniy-gumanitar sohalar vakillari ishtirokidagi matbuot tadbirlari doirasida bir qancha uchrashuvlar o‘tkazdi.

«Diplomatic World» jurnali Bosh muharriri Barbara Ditrix va «Diplomatic World Institute» tahliliy markazining loyihalar bo‘yicha menejeri Alberto Turkstra bilan bo‘lib o‘tgan o‘zaro muloqot shular jumlasidandir.

Uchrashuv avvalida A.Saidov Prezident Shavkat Mirziyoev tasdiqlagan “2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi”ning ma’no-mohiyati va ahamiyati haqida so‘zlab berdi. Muloqot ishtirokchilari bu borada taqdim etilgan ma’lumotlarni alohida qiziqish bilan qabul qildilar.

Xususan, B.Ditrix inson huquqlari, ayniqsa, xotin-qizlar huquqlarini amalga oshirish juda muhimligini qayd etdi. U mamlakat rahbariyatining ayollar ta’lim olishi va mehnat qilishi imkoniyatlarini yanada kengaytirishga doir rejalariga ijobiy baho berdi.

Jurnalist, shuningdek, Taraqqiyot strategiyasida O‘zbekistonning “Huquq ustuvorligi indeksi”da yuqori darajaga erishgan mamlakatlar safidan o‘rin olishi maqsad qilib qo‘yilganini olqishladi. Uning fikricha, bu Yevropa jamoatchiligining doimiy e’tiborida turadigan masaladir.

Muloqot yakunida «Diplomatic World» jurnalining navbatdagi sonida Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasiga bag‘ishlangan maqola chop etilishi haqida kelishib olindi.

O‘z navbatida, A.Turkstra Taraqqiyot strategiyasida davlat hokimiyati organlarini takomillashtirish bo‘yicha belgilangan vazifalarning ahamiyatiga e’tibor qaratdi. Uning ta’kidlashicha, mazkur sohani takomillashtirishni izchil davom ettirib, ixcham va samarador boshqaruv tizimini yaratish nihoyatda muhim.

«Diplomatic World Institute» tahliliy markazi vakili O‘zbekistonda sud-huquq tizimi, advokatura instituti, huquqni himoya qiluvchi organlarning tadbirkorlar va mulkdorlar huquqlarini himoya qilish bilan bog‘liq faoliyatini isloh etish borasida belgilab olingan istiqboldagi rejalarni ham ijobiy baholadi.

A.Turkstraning fikricha, bunday oqilona maqsadlarga erishilishi, shubhasiz, mamlakatda aholi daromadlarining oshishi va yalpi farovonlik yuksalishiga olib keladi. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekistonda “yashil” va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishga alohida ahamiyat berilayotgani Yevropada ayniqsa katta qiziqish uyg‘otmoqda.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech