2022 yil 23 fevral kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Demokratiya va inson huquqlari: barqaror rivojlanish omillari” mavzusida xalqaro davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati, BMTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti tomonidan tashkil etildi.
Davra suhbatida senatorlar, BMTTDning O‘zbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska, Yevroparlament Tashqi ishlar qo‘mitasi raisi Devid Makallister boshchiligidagi Yevroparlament delegatsiyasi aʼzolari, mamlakatimiz vazirlik va idoralari vakillari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar ekspertlari, Markaziy Osiyo mamlakatlaridan olimlar va tadqiqotchilar, xorijiy oliy o‘quv yurtlari va ilmiy-tadqiqot institutlari, JIDU professor-o‘qituvchilari, magistrantlari hamda talabalari ishtirok etdi.
Tadbirda inson huquqlarini targ‘ib qilish, himoya qilish va ularga rioya qilish masalalari O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida muhokama qilindi.
Tadbirni Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari, JIDU rektori Sodiq Safoyev kirish so‘zi bilan ochar ekan, O‘zbekistonda inson huquqlarini taʼminlash, himoya qilish va ularga rioya etish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini alohida taʼkidladi.
Mamlakatimizda inson huquq va erkinliklarini taʼminlash xalqimiz uchun farovon va munosib turmush sharoitini yaratishga qaratilgan demokratik islohotlarning bosh mezoniga aylandi.
Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro standartlar milliy qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotiga tizimli va bosqichma-bosqich joriy etilmoqda. Hozirgi vaqtda O‘zbekiston tomonidan ratifikatsiya qilingan inson huquq va erkinliklari sohasidagi 80 dan ortiq xalqaro hujjatlarning normalari milliy qonunchilikda o‘z aksini topgan.
Xorijlik ishtirokchilar o‘z chiqishlarida Prezident Sh.M.Mirziyoyev rahbarligida respublikamizda amalga oshirilayotgan islohotlarni, shuningdek, mamlakatning xalqaro nufuzi jadal o‘sishiga xizmat qilayotgan O‘zbekiston rahbarining ochiq, izchil va pragmatik tashqi siyosatini yuqori baholadi.
Davra suhbatida O‘zbekistonda inson huquq va erkinliklarini taʼminlash borasida izchil olib borilayotgan davlat siyosatini amalga oshirishning asosiy vazifalari va ustuvor yo‘nalishlari, barqaror rivojlanish omillariga bag‘ishlangan maʼruza va nutqlar tinglandi.
Mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari, umumeʼtirof etilgan xalqaro standartlar, O‘zbekiston Respublikasining inson huquqlari sohasidagi majburiyatlari, BMT ustav organlari va shartnoma qo‘mitalari tavsiyalarini hisobga olgan holda qonunchilikni takomillashtirish chora-tadbirlari muhokama qilindi.
Ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish omili sifatida institutlar va demokratik siyosat samaradorligini taʼminlash, tenglik va inklyuzivlikka asoslangan kuchli fuqarolik jamiyati institutlari yordamida inson huquqlarini himoya qilish masalalariga eʼtibor qaratildi.
Tadbir davomida ilmiy va ekspert hamjamiyati vakillarining o‘zaro faol muhokamasi bo‘lib o‘tdi va fikr almashildi.
O'zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati
- Qo'shildi: 24.02.2022
- Ko'rishlar: 2991
- Chop etish