2022 yil 28 fevral kuni Jeneva shahrida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 49-sessiyasi o‘z ishini boshladi.
Ma’lumki, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi sessiyasida 2020 yil 13 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan saylovlarda O‘zbekiston milliy davlatchiligimiz tarixida ilk bor BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi a’zoligiga uch yil muddatga – 2021-2023 yillarga saylangan. Mamlakatimiz 2021 yil 1 yanvardan boshlab bu boradagi vazifasini bajarib kelmoqda.
BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining bahorgi sessiyasi doirasida 2021 yil 22-24 fevral kunlari Jeneva shahrida bo‘lib o‘tgan Yuqori darajadagi segment ishida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti ushbu Kengashga a’zo davlat rahbari sifatida birinchi marta ishtirok etdi va so‘zga chiqdi. Yuqori darajadagi segment Inson huquqlari bo‘yicha kengashning yil davomidagi eng asosiy siyosiy tadbiri hisoblanadi.
Prezident Shavkat Mirziyoev ushbu nufuzli xalqaro tashkilot oliy minbaridan bir qancha milliy, mintaqaviy va xalqaro tashabbuslarni ilgari surgan. O‘zbekiston Prezidentining bu tashabbuslari jahon hamjamiyati tomonidan keng qo‘llab-quvvatlangan va izchillik bilan ro‘yobga chiqarilmoqda.
Xususan, Jeneva shahrida 2021 yil 8 oktyabr kuni BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 48-sessiyasi doirasida O‘zbekiston tashabbusi asosida Yoshlarning inson huquqlariga COVID-19 pandemiyasi ta’sirining oqibatlari to‘g‘risidagi rezolyusiya qabul qilindi. Rezolyusiyani ishlab chiqish va qabul qilish tashabbusini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 2021 yil 22 fevral kuni BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 46-sessiyasida ilgari surgandi.
Ayni chog‘da, BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 49-sessiyasi ishida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markazi direktori Akmal Saidov boshchiligida O‘zbekiston delegatsiyasi ishtirok etmoqda.
Ma’lumot uchun: BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi 2006 yil 5 mart kuni BMT Bosh Assambleyasining 60/251-rezolyusiyasi bilan tashkil etilgan. Mazkur rezolyusiya asosida Kengash har bir davlatning inson huquqlari sohasidagi majburiyatlari bajarilishining Universal davriy tahlilini amalga oshiradi hamda shu orqali universal miqyosda va barcha davlatlarga bir xil munosabatni ta’minlaydi.
Inson huquqlari bo‘yicha kengash BMT Bosh Assambleyasining organi hisoblanadi. Uning bosh vazifasi – erkinlik, qonun ustuvorligi va adolatni targ‘ib qilishdir. Inson huquqlari bo‘yicha kengash qarorgohi Jeneva shahrida joylashgan.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 28.02.2022
- Ko'rishlar: 2939
- Chop etish