2022 yil 15 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida Inson huquqlari sohasida O‘zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlariga rioya etilishi bo‘yicha parlament komissiyasining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Tadbir Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 49-sessiyasi doirasida BMTning Terrorizmga qarshi kurashda inson huquqlarini rag‘batlantirish va himoya qilish masalalari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Fionnuala Ni Aolaynning hisoboti eshituvi munosabati bilan tashkil etildi.
Ma’lumki, BMTning Terrorizmga qarshi kurashda inson huquqlarini rag‘batlantirish va himoya qilish masalalari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi F.Ni Aolayn 2021 yil 29 noyabrdan – 7 dekabrgacha rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘lgan. Tashrifdan maqsad terrorizmga qarshi kurashish sohasida davlat qonunlari, siyosati va amaliyotining inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarga muvofiqligini baholashdan iboratdir.
BMT Maxsus ma’ruzachisi O‘zbekiston Hukumatining tashrifni tashkil etishga qaratilgan keng qamrovli va izchil yondashuvini yuqori baholab, tashrif ko‘plab masalalar bo‘yicha ochiq va samimiy muloqot qilish imkonini berganini ta’kidlagan.
F.Ni Aolayn O‘zbekiston hukumatining Suriya, Iroq va Afg‘onistondan ayollar va bolalarni repatriatsiya va reintegratsiya qilish borasidagi faoliyatiga yuksak baho berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «O‘zbekistonda yaratilgan hamda oila va jamiyatga asoslangan repatriatsiya modeli – bolaning eng yaxshi manfaatlarini ta’minlash va ziddiyatli zonalardan qaytgan ayollarni siyosiy, huquqiy va ijtimoiy faoliyatning ustuvor yo‘nalishi sifatida qayta integratsiya qilish bilan repatriatsiya qilishning eng yaxshi namunasidir».
BMT Maxsus ma’ruzachisi insonning asosiy huquqlariga, shu jumladan, iqtisodiy va ijtimoiy huquqlarga ega bo‘lishi va ulardan foydalanishini ta’minlashga O‘zbekiston hukumati tomonidan qaratilgan amaliy e’tiborini olqishladi. Shuningdek, BMT Bolalar jamg‘armasi (YuNICEF) va BMTning inson huquqlari sohasidagi boshqa muassasalari, jumladan, o‘zining ofisi va BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasi bilan hamkorlik qilish muhimligini ta’kidladi.
Komissiya yig‘ilishida BMT Maxsus ma’ruzachisi O‘zbekiston hukumatiga taqdim etgan tavsiyalar ham ko‘rib chiqildi. Xususan:
- ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish sohasida mamlakatimiz qonunchiligini yanada isloh qilish;
- FATF tavsiyalariga va inson huquqlari sohasidagi standartlarga rioya etgan holda, terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurash sohasida mavjud qonunchilikni yanada takomillashtirish bo‘yicha choralar ko‘rish;
- asosiy inson huquqlarini himoya qilish chora-tadbirlarini kengaytirish, jumladan, so‘z erkinligi, yig‘ilishlar erkinligi, adolatli ish yuritish, qamoqda saqlash uchun munosib sharoitlar, qiynoqlardan ozod bo‘lish huquqi, shuningdek, din erkinligi huquqi va boshqa bir qator qator tavsiyalar atroflicha muhokama qilindi.
Ishtirokchilar tomonidan mazkur tavsiyalar, joriy amaliyotga muvofiq, Inson huquqlari sohasida O‘zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlariga rioya etilishi bo‘yicha parlament komissiyasiga tasdiqlash uchun taqdim etiladigan Milliy harakatlar rejasida o‘z aksini topishi qayd etildi.
Tadbirda Inson huquqlari sohasida O‘zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlariga rioya etilishi bo‘yicha parlament komissiyasi a’zolari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman), Ichki ishlar, Tashqi ishlar, Mudofaa, Adliya, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirliklari vakillari ishtirok etdi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 15.03.2022
- Ko'rishlar: 3144
- Chop etish