2022 yil 30 mart kuni Toshkent davlat yuridik universitetining Xalqaro huquq va inson huquqlari kafedrasi tomonidan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan birgalikda "O‘zbekiston va BMT: istiqbolli hamkorlik yo‘lida" mavzuida ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi. "Birlashgan Millatlar Tashkiloti va O‘zbekiston oyligi" doirasida o‘tkazilgan ushbu anjuman mamlakatimiz BMTga a’zo bo‘lganining 30 yilligiga bag‘ishlandi.
Konferensiyada YuNISEFning O‘zbekistondagi vakillari, Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasining Markaziy Osiyodagi va Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining O‘zbekistondagi vakillari ishtirok etdi.
Shuningdek, tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Tashqi ishlar vazirligi, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman), Adliya vazirligi huzuridagi Yuristlar malakasini oshirish markazi, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti hamda boshqa bir qator manfaatdor tashkilot va muassasalar vakillari qatnashdi.
Konferensiyada O‘zbekiston bilan BMT o‘rtasidagi 30 yillik hamkorlik davomida amalga oshirilgan ishlar, erishilgan natijalar va hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Bundan tashqari, O‘zbekistonning zamonaviy xalqaro huquqdagi roli va tashabbuslari, xalqaro va milliy huquqiy tizimlarining o‘zaro bog‘liqligi, BMT Xalqaro sudi faoliyatini takomillashtirish masalalari, YuNISEF va O‘zbekiston hamkorligi, inson huquqlarini ta’minlashda Ombudsmanning o‘rni kabi xalqaro huquqning dolzarb masalalari xususida atroflicha so‘z bordi.
Ilmiy-amaliy anjuman yakunida bildirilgan xulosa va takliflar mamlakatimizda xalqaro huquq va inson huquqlarini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 30.03.2022
- Ko'rishlar: 3381
- Chop etish