Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari A.Saidov AQSh Kongressi Vakillar palatasi va Senati mas’ul xodimlari bilan uchrashdi.
Muloqot avvalida A.Saidov mehmonlarni samimiy qutlab, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi doirasida amalga oshirilgan ishlar, shuningdek, “Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari” tamoyili asosida keyingi besh yillikda mamlakatimizda amalga oshiriladigan islohotlarning zarur siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy va ilmiy-ma’rifiy asoslarini yaratib berishga qaratilgan “Yangi O‘zbekistonning 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi hamda “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi haqida ma’lumot berdi.
Uchrashuvda tomonlar ikki tomonlama hamkorlik masalalari, O‘zbekiston-Amerika parlamentlari a’zolari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash va kengaytirish istiqbollari yuzasidan fikr almashdi. Keyingi yillarda O‘zbekiston bilan AQSh o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik jadal rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
2015 yilning sentyabr oyida O‘zbekiston BMT Sammitida e’lon qilingan Barqaror rivojlanish maqsadlarining milliy darajada bajarilishi bo‘yicha shartlarini qabul qilganligi va 2018 yil 20 oktyabrda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “2030 yilgacha bo‘lgan davrda Barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingani ta’kidlandi.
Qayd etilganidek, ushbu hujjat o‘zida 16 ta maqsad va 225 ta vazifani qamrab olgan bo‘lib, Prezidentimiz tashabbusi bilan qabul qilingan Harakatlar strategiyasi hamda Taraqqiyot strategiyasi bilan to‘liq hamohangdir. Shu bois, uning asosida parlamentni isloh qilish, aholi uchun qulay shart-sharoit yaratish, odamlar salomatligini muhofazalash, iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev Oliy Majlis Qonunchilik palatasining birinchi yig‘ilishidagi nutqida “Bundan buyon Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlarini bajarish bo‘yicha vazirlar hisobotlarini eshitishni yo‘lga qo‘yishi lozim” deya ta’kidlagan edi.
Shu nuqtai nazardan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati Kengashlarining 2020 yil 27 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasini barqaror rivojlantirish sohasidagi Milliy maqsadlar va vazifalarning 2030 yilgacha bo‘lgan davrda amalga oshirilishini nazorat qilish bo‘yicha Parlament komissiyasini tuzish to‘g‘risida”gi qo‘shma qarori mamlakatimizda 2030 yilga qadar yuqorida keltirilgan keng ko‘lamli maqsadlarga hamohang ekanini tasdiqlovchi muhim qadamligi qayd etildi.
AQSh tomoni O‘zbekistonning tashqi olam bilan ochiq, do‘stona va o‘zaro manfaatli sheriklik sari tashlayotgan ishonchli qadamlariga yuqori baho berdi.
Uchrashuvda tomonlar O‘zbekiston-AQSh hamkorligining dolzarb masalalari bo‘yicha muntazam aloqalarni rivojlantirishga kelishib oldilar.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi rasmiy sayti
- Qo'shildi: 13.04.2022
- Ko'rishlar: 2814
- Chop etish