2022 yil 14 aprel kuni “O‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqqan holda rivojlanish yo‘lidan qat’iy borish: siyosiy partiyalarning vazifasi va mas’uliyati” mavzusida Xitoy va Markaziy Osiy davlatlari siyosiy partiyalarining uchinchi forumi videkonferens aloqa shaklida o‘tkazildi.
Mazkur forum joriy yilning 25 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligiga bag‘ishlab tashkil etilgan Markaziy Osiyo va Xitoy davlat rahbarlarining videoanjuman shaklidagi uchrashuvida erishilgan kelishuvlarni bajarish maqsadida tashkil etildi.
Tadbirda Xitoy Kommunistik partiyasi, Markaziy Osiyo mamlakatlari parlamentlari va siyosiy partiyalaridan 60 ga yaqin ishtirokchi qatnashdi.
Ta’kidlanganidek, keyingi yillarda Xitoy va Markaziy Osiy davlatlarining hamkorlik aloqalari yangi bosqichga chiqdi. Xususan, parlamentlararo aloqalar yanada mustahkamlanmoqda, siyosiy partiyalar o‘rtasidagi aloqalar kengaymoqda, har tomonlama strategik hamkorlik jadal tus olmoqda.
Forumda Markaziy Osiyo davlatlari va XXR o‘rtasidagi 30 yillik hamkorlik yakunlariga, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tomonidan ilgari surilgan tashabbuslarga e’tibor qaratildi. Ko‘p qirrali, shu jumladan parlamentlararo va siyosiy partiyalar o‘rtasidagi hamkorlikning dolzarb masalalari, kelgusi istiqbolga mo‘ljallangan ustuvor yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashdilar.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari A.Saidov o‘z nutqida forum ishtirokchilarini yubiley sana bilan qutlab, O‘zbekiston va Xitoy hamda Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi ko‘p tomonlama strategik munosabatlar, shu jumladan parlamentlararo aloqalar o‘tgan davrda jadal va barqaror tus olganini ta’kidladi. Shuningdek, forumda yurtimizdagi beshta siyosiy partiyaning vakillari ham qatnashib, ma’ruza qilishdi.
Tadbir ishtirokchilarining fikricha, ushbu forum dunyoning kattagina qismini egalllab turgan davlatlar o‘rtasidagi siyosiy, iqtisodiy, huquqiy, madaniy-ma’rifiy aloqalar rivojlanishini yangi pog‘onaga ko‘taradi. Jumladan, parlamentlarda qonun ijodkorligi faoliyatida ham qonunlarni yanada mukammal ishlab chiqish imkoniyati kengayadi, partiyalararo aloqalarni yangi bosqichga olib chiqadi.
Mazkur forum yurtimizda faoliyat yuritayotgan siyosiy partiyalarning bevosita xorijiy davlatlardagi siyosiy partiyalar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotga kirishishga xizmat qiladi.
Onlayn uchrashuvda Markaziy Osiyo va Xitoy xalqlarini yanada yaqinlashtirish, madaniy-gumanitar almashinuvlarni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Forum yakunida Markaziy Osiyo davlatlari va Xitoy siyosiy partiyalari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashning muhim masalalariga doir umumiy yondashuvlar va takliflar bildirildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi rasmiy sayti
- Qo'shildi: 15.04.2022
- Ko'rishlar: 3885
- Chop etish