Muallif islohotlar natijasida jamiyatda tinchlik va barqarorlik, fuqarolar va millatlararo totuvlik muhiti mustahkamlanayotgani, barcha sohalar erkinlashayotgani, iqtisodiyot tarmoqlari, xususiy tadbirkorlik jadal rivojlanayotganini e’tirof etadi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, qashshoqlikni qisqartirish, yangi ish o‘rinlari va daromad manbalari yaratishga alohida e’tibor qaratilayotgani, respublikada davlat boshqaruvining yangi va samarali tizimi, mahalliy ijro hokimiyat idoralari bilan hamkorlikdagi uyg‘un faoliyati tashkil qilinishi asosida islohotlar samarali izchillik kasb etayotgani ta’kidlanadi.
Qishloq xo‘jaligi sohasidagi islohotlar, yer maydonlarining xususiy klasterlar va kooperatsiyalarga o‘tkazilishi paxta hosildorligini bir yilda o‘rtacha 10 foiz oshirish imkonini berdi. Bog‘dorchilik, g‘allachilik va chorvachilikda qariyb 500 ga yaqin klaster va kooperatsiya tashkil etildi. Buning samarasi o‘laroq, pandemiyaning salbiy ta’siriga qaramay, 1 milliard dollarlik meva, sabzavot eksport qilindi. Nashrda yozilishicha, bugungi kunda O‘zbekiston ulkan qurilish maydoniga aylangan - ko‘plab yangi korxonalar, turar joylar, yo‘l va ko‘priklar, infratuzilmaviy, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport ob’ektlari barpo etilmoqda.
“Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ekspertlarining 2021 yil mart oyida tayyorlagan ma’lumotiga ko‘ra, respublikamiz iqtisodiyoti barqaror o‘sish bosqichiga o‘tib, tarkibiy pozitsiyalar yaxshilanmoqda”, - deyiladi maqolada. “Bu pandemiya davrida ham iqtisodiy islohotlar muvaffaqiyatli amalga oshirilib, O‘zbekiston iqtisodiyotining barqarorligi va raqobatbardoshligi oshganidan dalolat”. Majburiy va bolalar mehnatiga barham berilgani, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy strategiya qabul qilingani ta’kidlanadi.
Materialda qayd etilishicha, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar xalqaro ommaviy axborot vositalari va ekspertlarda katta qiziqish uyg‘otmoqda.
Amerikaning «Forbes» jurnali “O‘zbekiston: Jadal islohotlar samarasi” sarlavhali maqolani iqtisodiy o‘zgarishlarga bag‘ishlagan. Muallif Kennet Rapozaning yozishicha, “Prezident Shavkat Mirziyoyev davrida O‘zbekistonda sobitqadamlik bilan bozor erkinligi va siyosiy ochiqlik siyosati yuritilmoqda”.
Amerikaning nufuzli «The New York Times» gazetasi islohotlarimizga bag‘ishlangan “O‘zbekistonda bahorga ishora” nomli maqola orqali boshqa jihatlarga e’tibor qaratadi: “Sobiq sovet imperiyasining aksariyat qismi, dunyoning boshqa hududlarida demokratiya chekinayotgan bir paytda Shavkat Mirziyoyevning sa’y-harakatlari e’tibor va qo‘llab-quvvatlashga loyiq”, — deb yozadi «The New York Times».
«The Economist» nashrida “dunyoning hech bir mamlakati islohotlar borasida O‘zbekistonchalik rivojlangani yo‘q”, - deya qayd etiladi.
Eslatib o‘tamiz, Latviyaning «Otkrыtыy gorod» (“Ochiq shahar”) nashri dunyoning 63 mamlakatida rus tilidagi bosma va elektron ommaviy axborot vositalarini birlashtirgan Butunjahon rus matbuoti uyushmasi a’zosi, iqtisodiyot, siyosat va ilm-fan yo‘nalishlarida maqolalar chop etish huquqiga ega «Project Syndicate» xalqaro klubi a’zosi hisoblanadi. Qamrov hududi Boltiqbo‘yi, Sharqiy, Markaziy va G‘arbiy Yevropa mamlakatlarini egallagan.
Irismat Abduxoliqov,
O‘zA siyosiy sharhlovchisi
- Qo'shildi: 14.05.2022
- Ko'rishlar: 2715
- Chop etish