AKMAL SAIDOV: MILLATLARARO TOTUVLIKNI TA’MINLASHDA O‘ZBEKISTONDA OLIB BORILAYOTGAN ISHLAR FARG‘ONA TAJRIBASI MISOLIDA BUTUN DUNYOGA TARG‘IB QILISHGA LOYIQ

Bugun Farg‘ona shahrida “YeXHTning Lyublyana tavsiyalari va O‘zbekistonning millatlararo totuvlik siyosati” mavzusidagi mintaqaviy davra suhbati tashkil etildi. Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha Respublika Milliy markazi direktori Akmal Saidov, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi raisi Rustam Qurbonov, viloyat hokimining o‘rinbosari Jamshed Xatamov, YeXHTning Milliy ozchiliklar bo‘yicha Oliy komissarining siyosiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Anton Tomsen, Farg‘ona, Andijon, Namangan viloyatlari milliy madaniy markazlari rahbarlari, NNTlar vakillari hamda onlayn tarzda YeXHT koordinatorlari qatnashdi.

Davra suhbatida millatlararo bag‘rikenglik, o‘zaro hurmat va do‘stona aloqalarni o‘rnatish orqaligina dunyoda barqarorlik, osoyishtalikni ta’minlash mumkinligiga ishtirokchilar e’tibori qaratildi.

Viloyat hokimining o‘rinbosari Jamshed Xatamov 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasida ushbu yo‘nalishda belgilangan maqsad va vazifalar haqida to‘xtalib o‘tdi.

Aholi soni 4 million nafarga yaqin bo‘lgan Farg‘onada tojik, qirg‘iz, rus, koreys, ukrain, tatar, ozarbayjon, qoraqalpoq, qozoq, belarus va turkman kabi turli millat vakillari hamjihatlikda yashab, yurt rivojiga xissa qo‘shib kelayotgani ta’kidlanib, viloyatda turli millat vakillarini ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash borasida tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilganligi aytildi.

Xususan, qirg‘iz, qozoq va rus tilida ta’lim beriluvchi 99 ta umumta’lim muassasalarida 73 ming nafardan ziyod o‘quvchilar ta’lim olmoqda. Shuningdek, barcha zarur moddiy-texnik vositalar bilan ta’minlangan Farg‘ona shahridagi “Do‘stlik uyi”da 8 ta milliy madaniy markazlar faoliyat olib bormoqda. Oliy ta’lim muassasalari uchun esa “Do‘stlik klubi” tashkil etilgan. 

Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz direktori Akmal Saidov millatlararo totuvlikni ta’minlashda O‘zbekistonda olib borilayotgan ishlar Farg‘ona viloyati tajribasi misolida butun dunyoga targ‘ib qilishga loyiq ekanligini qayd etdi.

Davra suhbatida O‘zbekistonda millatlararo totuvlik siyosatining asosiy yo‘nalishlari, samarali integratsiya siyosatining asosiy elementlari va yo‘nalishlari kabi bir qator mavzularda ma’ruzalar tinglanib, muhokamalar bo‘lib o‘tdi.

 

 

 

 

 

 

 

Fergana.uz

Powered by GSpeech