Jiddada xalqaro seminar: inson huquqlarini rag‘batlantirishda inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarning roli

2022 yil 22 may kuni Saudiya Arabistonining Jidda shahrida Islom hamkorlik tashkiloti huzuridagi Inson huquqlari bo‘yicha mustaqil doimiy komissiyasining 19-doimiy sessiyasi o‘z ishini boshladi. Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi o‘rinbosari M.Tillaboev boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi 26 maygacha davom etadigan mazkur sessiyada ishtirok etmoqda.

O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida O‘zbekiston Respublikasining Saudiya Arabistoni Qirolligidagi Favqulodda va muxtor elchisi, Islom hamkorlik tashkilotidagi doimiy vakili U.Maqsudov va Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi mas’ul xodimi I.Abdumajidov bor.

Sessiya doirasida 24 may kuni “Islom hamkorlik tashkilotiga a’zo mamlakatlarda inson huquqlarini himoya qilish va rag‘batlantirishda inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarning roli” mavzusida xalqaro seminar o‘tkazildi.

Ta’kidlash joizki, ushbu tashabbus O‘zbekiston vakili tomonidan Islom hamkorlik tashkiloti huzuridagi Inson huquqlari bo‘yicha mustaqil doimiy komissiyasi raisi sifatida faoliyati davomida ilgari surilgan. O‘zbekiston vakillari IHT IHMDK tadbirlarida muntazam faol ishtirok etib kelmoqda.

Tadbirda IHMDK Komissarlari turli xil xalqaro va mintaqaviy mutaxassislar bilan birgalikda, shuningdek IHTga a’zo va kuzatuvchi davlatlar vakillari, shu jumladan ularning inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlari vakillari ishtirok etdi.

Xalqaro anjumanni IHMDK raisi va IHT Bosh kotibi ochib berdi. Shundan so‘ng inson huquqlarini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish masalalari yuzasidan milliy institutlar rolini kuchaytirishga doir taqdimotlar namoyish etildi. 

Inson huquqlarini rag‘batlantirish va himoya qilish har bir davlatning majburiyati bo‘lib, u qonun ustuvorligini ta’minlaydigan turli xil huquqiy va ma’muriy tizimlar orqali resurslarni teng taqsimlash va inson qadr-qimmatini hurmat qilish va kamsitmaslik tamoyillari orqali amalga oshiriladi.

Inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar o‘z o‘rnida hukumatning inson huquqlari tizimlarini kuchaytirish bo‘yicha sa’y-harakatlarini mustahkamlashda hal qiluvchi tarkibiy qismga aylandi. Boshqa davlat tashkilotlaridan farqli ravishda, milliy institutlar o‘zining mustaqillik va doimiylik xususiyatiga asoslangan holda, inson huquqlari sohasida uzoq muddatli milliy rejalarni hamda istiqbolli strategiyalarni ishlab chiqishda alohida ahamiyat kasb etadi. 

IHTga a’zo davlatlar inson huquqlari sohasida hukumat siyosatini belgilab beruvchi inson huquqlari bo‘yicha kuchli milliy tizimlarni joriy qilish ahamiyatini yuqori baholaydi. Shunga binoan, IHTga a’zo davlatlarning to‘rtdan uch qismini, ya’ni 60 foizini inson huquqlarini himoya qilish va rag‘batlantirish bo‘yicha milliy institutlar tashkil etdi.

Ushbu 34 ta milliy institutdan Inson huquqlari bo‘yicha Milliy institutlar Global Alyansi talablari bo‘yicha 16 tasi “A” maqomga, 16 tasi “B” maqomga va faqat ikkitasi “C” maqomga ega. Bu esa IHTga a’zo mamlakatlarda tashkil etilgan deyarli barcha milliy institutlar Parij tamoyillariga to‘liq yoki qisman mos keladi deganidir.   

IHT mamlakatlaridagi ko‘plab milliy institutlar BMT va IHT institutlari bilan ham yaqin hamkorlik qilmoqda. Ular xalqaro va mintaqaviy normalar hamda standartlar milliy darajada qo‘llanilishini nazorat qilib boradi.

Tadbir davomida ishtirokchilar tomonidan IHTga a’zo mamlakatlar inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar uchun huquqiy va me’yoriy asoslar hamda ularning inson huquqlari taraqqiyoti va himoyasidagi roli va ahamiyatini, milliy institutlarning inson huquqlari bo‘yicha xalqaro standartlarga muvofiq o‘z vakolatini amalga oshirish davomida institutsional imkoniyatlarini kuchaytirish usullari va vositalari, inson huquqlari bo‘yicha turli sohalarda milliy institutlarning ish faoliyatini kuchaytirish, tajriba va eng yaxshi amaliyotlarni almashish uchun maydon tashkil etish masalalari muhokama qilindi.  

Seminarda IHTga a’zo mamlakatlarning inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlari ilg‘or tajribasi muhokama qilindi. Komissiyaning mazkur masala bo‘yicha tegishli hujjati qabul qilindi.

Ma’lumot uchun: Islom hamkorlik tashkiloti hukumatlararo tashkilot bo‘lib, hozirgi kunda 57 ta davlatni, shu jumladan Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekistonni ham birlashtirgan. IHT BMTdan keyin ikkinchi yirik davlatlararo birlashma hisoblanadi. O‘zbekiston IHTga 1996 yilda qo‘shilgan va uning ko‘p qirrali tadbirlarida faol ishtirok etib kelmoqda.

 

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

Matbuot xizmati

Powered by GSpeech